Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Mehnat muhofazasi va xavfsizlik — diqqat markazida

13 Avgust 2026, 10:35 178

Bugungi kunda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etishda ishchi-xodimlarning sog‘lig‘i va hayotini asrash, ularga xavfsiz va munosib mehnat sharoitlarini yaratish eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Ana shu maqsadda 3-Mis boyitish fabrikasida mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi talablariga rioya etilishi holati joyiga chiqqan holda atroflicha o‘rganildi.

OKMK boshqaruv raisining xodimlar bilan ishlash va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sa’di Shermatov rahbarligida amalga oshirilgan o‘rganish ishlarida Ijro apparatining Mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi departamenti, Inson resurslari departamenti, O‘quv markazi hamda 3-Mis boyitish fabrikasining mas’ul rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etishdi.

O‘rganish jarayonida korxonada texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishi, ishlab chiqarish sanitariyasi va gigiyenasi talablarining bajarilishi hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘zdan kechirildi. Natijada kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim reja-topshiriqlar belgilab olindi. Unga ko‘ra, mas’ullarga texnika xavfsizligi, ishlab chiqarish sanitariyasi, yong‘in xavfsizligi va mehnat muhofazasi bo‘yicha tizimli yo‘l-yo‘riqlar berish hamda ularning ushbu talablarga amal qilishini doimiy ravishda tekshirib borish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, ishchi-xodimlarni o‘qitish va ularning bilim darajasini baholash ishlarini samarali tashkil etish, belgilangan tartibda maxsus o‘quvdan o‘tmagan va bilim sinovlari topshirmagan xodimlarni ishlab chiqarish jarayonlariga qo‘yishni qat’iyan taqiqlash belgilandi.

Bundan tashqari, ishni boshlashdan oldin mas’ul rahbarlar tomonidan xodimlarga xavfsizlik qoidalari aks etgan ko‘rgazmali videoroliklarni namoyish etish va ish joylarida ogohlantiruvchi vositalarni ko‘paytirish choralari ko‘riladigan bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, 3-Mis boyitish fabrikasida o‘tkazilgan ushbu amaliy o‘rganishlar dastlabki qadam bo‘lib, kelgusida kombinat tarkibidagi barcha tizimli korxonalar va ishlab chiqarish bo‘linmalarida ham xuddi shunday rejali tekshiruvlarni tashkil etish belgilangan. Zero, kombinatimizning eng katta boyligi — bu uning fidokorona mehnat qilayotgan ishchi-xodimlaridir.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech