• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Mehnat qonunchiligidagi o‘zgarishlar kombinat ishchi-xodimlari hayotida qanday aks etadi?

20 Yanvar 2023, 13:29 1146

Ushbu savolga joriy yilning 19-yanvar kuni MTTU MISiS Olmaliq filialida tashkil etilgan o‘quv seminarida javob berildi.

“Yangi tahrirdagi Mehnat Kodeksi va undagi Jamoa shartnomasiga havolalar to‘g‘risida” tashkil etilgan o‘quv-seminarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi apparatining yuridik bo‘limi mudiri Hamidulla Premqulov, Federatsiyaning mehnatkashlarni ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘limi mudiri Mahmudjon Isayev, kombinat mehnatga haq to‘lash va rag‘batlantirish bo‘limi, xodimlar bilan ishlash bo‘limi, yuridik departament, ijtimoiy ishlar bo‘limi, mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi bo‘limi mas'ullari, kasaba uyushmalari faollari  va ishchi-xodimlar ishtirok etishdi.

Shuningdek, kombinatning barcha korxona sex kasaba uyushmasi qo‘mita raislari va ularning o‘rinbosarlari, kasaba uyushmasi qo‘mita qoshida 8 ta yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan mexnat muhofazasi, ijtimoiy himoya, sport, ma'naviyat va ma'rifat, tashkiliy hamda xotin –qizlar va yoshlar masalalari bilan ishlash komissiya raislari qatnashadi.

2022-yilning o‘tgan davri mobaynida 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish ishlari jadal sur'atlarda davom yetdi va bu jarayonda ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritildi, yangilari qabul qilindi. Ular orasida ijtimoiy-mehnat masalalariga doir muhim hujjatlar ham bor.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 28-oktyabrdagi O‘zbekiston Respublikasining 798-sonli Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi yangi tahrirda tasdiqlandi va ushbu kodeks 2023-yil 30-apreldan kuchga kirishi belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, O‘zbekiston Ish beruvchilari Konfederatsiyasi o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan Bosh jamoa kelishuvi imzolandi. Mamlakatimizda huquqiy islohatlar amalga oshirilar ekan, uning maqsadlaridan biri ham fuqarolar huquqiy ongi va madaniyatini oshirish yo‘li bilan ularning ijtimoiy faolliklarini oshirishdan iborat.

- “Olmaliq KMK” AJ jamoa shartnomasi muddati tugash arafasida va  biz joriy yilning 30-aprel kunidan yangi jamoa shartnomasini  harakatga kiritishni o‘z olidimizga maqsad qilib qo‘ydik, deydi OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisi Abdurashid Haydarov. - Buni amalga oshirish uchun joriy yilning 6-yanvar kuni “Olmaliq KMK” AJ ish beruvchisi va kasaba uyushmasi Kengashi rayosatining 11-10 “c” -sonli “Olmaliq KMK” AJ jamoa shartnomasining 2022-yilda amalga oshirilgan tadbirlarini sarhisobi hamda 2023-2025 yillar uchun mo‘ljallangan jamoa shartnomasi loyihasini tayyorlash va tuzish bo‘yicha muzokaralar olib borish to‘g‘risida” qo‘shma qarori imzolandi. Mazkur qo‘shma qaror doirasida komissiya oldiga aniq vazifalar yuklatildi. Ular, Jamoa shartnomasining 2022-yilda bajarilishi yuzasidan tekshiruv dalolatnomasini 2023-yilning 20-fevral sanasiga qadar, 2023-2025 yillar uchun mo‘ljallangan jamoa shartnomasi loyihasini tayyorlash va tuzish bo‘yicha muzokaralarni joriy yilning 1-apreliga qadar yakunlash.

Jamoa shartnomasi loyihasini O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 28-oktyabrdagi O‘RQ-798-son Qonuni bilan tasdiqlangan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining tegishli moddalariga hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan 2023-yilga mo‘ljallangan jamoa shartnomasi maketiga mutanosib shakllantirish.

Jamoa shartnomasi loyihasini O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazish.

Bugungi o‘quv-seminarmiz yangi jamoa shartnomasini harakatga keltirishda bizga dasturi-amal bo‘lishi aniq.

Yangi tahrirdagi mehnat kodeksiga masofadan turib ishlovchi xodimlarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida birqancha moddalar kiritlgan. Bundan tashqari Yangi tahrirdagi Mehnat Kodeksida yillik asosiy mehnat ta'tilining eng kam miqdori 21-kalendar kun etib belgilandi. Amaldagi Mehnat Kodeksiga ko‘ra, 15 ish kunidan kam bo‘lmasligi belgilangan edi. Shundan kelib chiqib 2023-2025 yillar uchun mo‘ljallangan jamoa shartnomasiga ham  o‘zgartirishlar kiritiladi.

Shuningdek, Yangi tahrirdagi mehnat kodeksida xodimning pensiya yoshiga yetganligi munosabati bilan ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish asosi chiqarib tashlangan. Amaldagi kodeksda xodim pensiya yoshiga yetsa ish beruvchi xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli edi.

Bundan tashqari, yangi taxrirdagi Mehnat Kodeksida ayrim toifadagi xodimlar (rahbarlar, bosh buxgalterlar) uchun sinov muddati 3 oydan 6 oyga uzaytirilmoqda. Dam olish kunini davlat bayramlari (ishlamaydigan bayram kunlari) kunlariga to‘g‘ri kelgan taqdirda ko‘chirish qoidasi kiritildi. Yana bir ahamiyatli jihat Mehnat kodeksiga xodimlarning shaxsiy ma'lumotlarini himoya qilishga bag‘ishlangan normalar ham kiritilgan.

Yangi tahrirdagi Kodeksning 164-moddasida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishni kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishib olish tartibi ko‘rsatib o‘tilgan. O‘zgarishga ko‘ra, agar kasaba uyushmasi 10 kun muddat ichida ish beruvchi taqdimnomasiga yozma ravishda javob bermasa Ish beruvchi kasaba uyushmasi roziligisiz mehnat shartnomasini xodim bilan bekor qilish huquqiga ega bo‘layapti. Kodeksda bu kabi o‘zgarishlar juda ko‘p va mazkur o‘quv-seminarda har bitta kiritlgan o‘zgarishlar bo‘yicha aloxida to‘xtalib o‘tildi.

“Olmaliq KMK” AJ xodimlari kasaba uyushmalari faollarining huquqiy bilimlarini oshirish, kombinat-ishchi xodimlari o‘z haq-huquqlarini yaxshi anglab yetishlari uchun tashkil etilgan o‘quv seminarda mas'ullar tomonidan mehnat qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlar bo‘yicha ma'lumotlar berildi. Mavzu bo‘yicha ishtirokchilar savollariga to‘liq javob olishdi.

 

Feruza Bazarova,

OKMK xodimlari kasaba uyushmasi apparatining

ijtimoiy himoya bo‘yicha mutaxassisi

Bo`lishmoq:
Text to speech