Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33O‘zbekiston Respublikasining "Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi iqtisodiyotning bozor munosabatlari talablariga, jamiyatda demokratik islohatlarni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiyotni liberallashtirish hamda mehnat qonunchiligi talablariga moslashtirishning natijasidir.
Biz uchun hamisha mehnat muhofazasi, xodimlarning xavfsizligi va ularning salomatligi ustuvor masala hisoblanadi. Kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan muntazam ravishda joylarda mehnatni muhofaza qilish sohasidagi me'yoriy hujjatlar talablariga rioya qilinishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Yuqorida qayd etilgan qonunning 14-moddasiga muvofiq, kombinat korxonalar tizimida noqulay mehnat sharoitlari bilan bog‘liq ish o‘rinlarini shahodatlash va asbob-uskunalarning jarohatlash havfliligini aniqlash maqsadida mehnat sharoitlari o‘rganilayapti. Xodimlarga qonunchilikda belgilangan imtiyoz va kafolatlar, ya'ni oshirilgan tarif stavkalari, qisqartirilgan ish vaqti, qo‘shimcha mehnat ta'tili, bepul davolash-profilaktika oziq-ovqatlari, shaxsiy himoya va gigiyena vositalarini hamda imtiyozli pensiyalar belgilanayotganini misol qilish mumkin. Xodimlarga zararli ishlab chiqarish omillaridan holi bo‘lgan, bexatar mehnat sharoitlari yaratib berilishi ustidan jamoatchilik nazorati tashkil qilinayapti. Ularning mehnat muhofazasi sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish kabi tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Mehnatni muhofaza qilish komissiyasi jamoatchilik asosida kombinatdagi barcha boshlang‘ich korxonalar kasaba uyushmalari qoshida tashkil etilgan. Komissiya o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonuni va “Olmaliq KMK” AJ xodimlari kasaba uyushmasining Ustavi asosida belgilangan tartibda jamoatchilik nazoratini amalga oshirib kelmoqda. Kommissiya faoliyati Mehnatni muhofaza qilishga oid normativ-huquqiy hujjatlarga, atrof-muhit muhofazasi holatini, xodimlarga sog‘lom va havfsiz mehnat sharoitlarini, talab darajasidagi ishlab chiqarish sharoitlarini yaratish va sog‘liqni saqlash sohasidagi qonun hujjatlariga, shuningdek, xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar, hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga rioya etilishi va ijrosining ta'minlanishi, xodimlarning mehnat sharoitlarini va boshqa ijtimoiy himoya turlarini yaxshilash bo‘yicha qonunda belgilangan tartibda amalga oshirilishi nazar tutilgan.
Mazkur yo‘nalishdagi faoliyatning asosiy maqsadi, korxonalarda ishlayotgan har bir xodimni ijtimoiy himoya qilish, ularning mehnat qilish jarayonida bexatar, ya'ni hayoti va salomatligi uchun havf tug‘dirmaydigan, ish o‘rinlarida qulay shart-sharoitlarning yaratilganligini nazorat qilib borish hamda ularning salomatligiga zarar yetkazuvchi barcha omillarni o‘rganib borishdir.
Joriy yilning 1-choragida mehnatni muhofaza qilish komissiyasi ish rejasiga asosan bir qatori ishlarni amalga oshirdi.
Jumladan, xodimlarga ish joylarida mehnatni muhofaza qilish talablariga mos ish sharoitlari tashkil etish, ularga belgilangan tartibda maxsus kiyim, maxsus poyabzal va shaxsiy himoya vositalarining berilishi va saqlanishi, birinchi yordam tibbiy quti va dori-darmonlar bilan muntazam ravishda ta'minlanishi nazorat qilindi. Mehnatni muhofaza qilish qoidalari va me'yoriy-texnik hujjatlar talablari buzilishi holatlari aniqlanib, aniqlangan kamchiliklarni o‘z muddatida bartaraf etish bo‘yicha ish beruvchiga taqdimnomalar kiritildi. Xususan, kombinatning barcha asosiy sex va uchastkalarida faoliyat yuritayotgan 398 ta ish (mehnat) taqsimlash xonalari, ishchilarning yuvinish xonalaridan jami 187 tasining barchasi o‘rganib chiqilib, kamchiliklar qisman bartaraf etildi.
Bundan tashqari, kombinat korxona va sexlarida jami 54 ta ishchilar oshxonalari mavjud bo‘lib, jamoa shartnomasida ko‘rsatilgan ro‘yxat bo‘yicha mehnat sharoitlari noqulay ishlarda band bo‘lgan xodimlarga belgilangan ratsionlar asosida ovqatlanishlar tashkil etilgan. Kasaba uyushmalari tomonidan tashkil qilingan ishchi nazorati guruhlari, mehnat muhofazasi bo‘yicha komissiyalar, tibbiyot-sanitar qismi xodimlari bilan hamkorlikda oshxonalarning sanitar holati, ovqatning sifati va belgilangan rasionlarga rioya qilgan holda sanitariya me'yorlari talablari asosida tayyorlanishi bo‘yicha doimiy nazorat olib borishmoqda.
Xodimlarga bexatar mehnat sharoitlari yaratib berilishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda, mehnat muhofazasi vakillarining faoliyatini yanada kuchaytirish, ularning mehnat muhofazasi sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish kabi tizimli ishlarni amalga oshirish borasida hamda mehnatni muhofaza qilish sohasida ishlarni to‘g‘ri tashkillashtirish maqsadida kombinat bo‘yicha saylangan 466 nafar vakillardan barchasi uchun namunaviy o‘quv dasturi asosida o‘qitish ishlari tashkil etildi.
I chorak davomida, “Olmaliq KMK” AJ xodimlari kasaba uyushmasining mehnat muhofazasi bo‘yicha komissiyasi, boshlang‘ich tashkilotlarning kasaba uyushma qo‘mitalari raislari va mehnatni muxofaza qilish komissiyalari bilan birgalikda ishchi-xodimlar uchun tashkil etilayotgan ish o‘rinlarida mehnat sharoitlari yaratilishi holati bo‘yicha 21 ta maqsadli o‘rganishlar olib borildi. O‘rganishlar davomida 143 ta mehnatni muhofaza qilishga oid talablar buzilishi aniqlandi (aniqlangan kamchiliklardan 104 ta - tashkiliy, 39 tasi - texnik).
Kombinat korxonalarida 466 nafar mehnat muxofazasi bo‘yicha jamoatchi vakillar saylangan bo‘lib, hisobot davrida vakillar tomonidan ish joylarida 163 marotaba mehnat sharoitlari o‘rganilgan. Unda 1317 ta mehnatni muhofaza qilish qoida va me'yorlari holati buzilishi aniqlanib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha ish beruvchiga 67 ta takliflar berildi (931 ta - tashkiliy, 386 ta - texnik).
Mehnat muhofazasi vakillari faoliyatining samarali tashkil etilishi, xodimlarga qulay mehnat sharoitlari yaratilishida, amaldagi mehnatni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari, qoida va me'yorlar, davlat standartlari va boshqa me'yoriy xujjatlarga amal qilgan holda uch pog‘onali nazoratni amalga oshirishda yordam bermoqda.
Kombinatda mehnat qilayotgan barcha ishchi-xodimlarni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash Vazirining 2012-yil 10-iyuldagi №200-son buyrug‘iga asosan, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi shart bo‘lgan xodimlarning lavozim kontingentidan kelib chiqib, shahar Sanitariya epidemiologiya osoyishtalik markazi(SEOM) va kasaba uyushma qo‘mitasi bilan kelishgan holda mehnat shartnomasi tuzish vaqtida dastlabki tarzda hamda vaqti-vaqti bilan (mehnat faoliyati davomida) tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi davolash-profilaktika muassasasida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tashkil qilingan. I chorak davomida 3014 nafar ishchi-xodimlar shuningdek, 1054 ta yangi ishga kirgan xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Xodimlarning sog‘lig‘ini saqlash, kasbiy va umumiy kasalliklarning oldini olish ish beruvchi va kasaba uyushmalarining eng asosiy vazifalaridan biridir. Shu o‘rinda, xodimlarning sog‘lig‘ini saqlashda, jumladan, mehnat sharoitlarini yaxshilash va kasb kasalliklarini oldini olish, kasallikni ilk bosqichlarida tashxislash va tibbiy reabilitasiyaga jo‘natish ishlari muntazam ravishda amalga oshirilmoqda.
Mehnatga layoqatsizlik holatida, betob yotgan xodimlar holidan xabar olish, kasallanish sabablarini o‘rganish va monitoringini muntazam olib borish, mehnatga layoqatsizlik varaqalarining sonini kamayishiga e'tiborni kuchaytirishga qaramasdan, hisobot davrida Texnologik transport boshqarmasi, Angren kon boshqarmasi kabi korxonalarda mehnatga layoqatsizlik varaqalarining o‘sishi qayd etilgan.
Kelgusida ham mehnat muhofazasi, xodimlarning havfsizligi va ularning salomatligi borasida amalga oshirilayotgan ishlarimiz bardavomlik kasb etadi.
Kamoliddin Maxatov,
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati xodimlari kasaba uyushmasi
Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha komissiyasi raisi