Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33...Otam Musurmonqul Asqarovning hayot falsafasi, yuksak narsalar haqida o‘ylashi, adabiyotga, kitoblarga bo‘lgan mehri bizga ilm olishning eng yaxshi muhitini yaratib bera oldi. So‘lim yoz kunlari tengdoshlarim ko‘chalarda o‘ynarkan, men deraza oldida ularga havasmand tikilaman, qalbimda isyon: Shu tengqurlarim ichida nega men yo‘qman? Nega istaganimcha o‘ynashga ruxsat yo‘q? Atrofimga qarayman: javon to‘la kitoblar. Otam ularni katta- kichikligiga qarab avaylab, ko‘ziga surtib joylagan. Jek Londonning “oltin vasvasasi” aks etgan asarlari, Mopassanning “Hayot”i... Sal narida Mushfiq Kozimiyning “Qo‘rqinchli Tehron”i. Go‘yoki butun dunyo yig‘ilib, shu kitoblar ichiga kirib olgandek... Lekin bolalikning g‘o‘r yuragi yana konserva bankasini koptok qilib tepayotgan bolalar tomon oshiqaveradi... Deraza raxiga suyangancha sho‘x-sha'n o‘ynab yurgan o‘rtoqlarimni kuzataman. Ortimda otamning nafasini ilg‘ayman. Yuragimdagi isyon tilimga ko‘chadi: Do‘stlarimning barchasi ana, ko‘chada o‘ynab yurishibdi. Menchi, darsdan, kitoblardan bo‘shamayman...
Otam qo‘liga Jek Londonning “Oq sukunati”ni oldi-da, sekin, ammo qat'iy qilib “Sening do‘stlaring mana shu kitoblar, qara ularga, sening qancha do‘stlaring bor” dedi-da meni xoli qoldirdi...
Hozir yoshim 50 dan oshib bilayapmanki, hayotdan neki saboq olgan bo‘lsam ularning deyarli barchasida otam yashaydi...
Faraxli noyabr: Kuzgi oqshom suhbatlari
... OKMKning shonli sanasi - 75 yilligi munosabati “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan qahramonimiz - darg‘a metallurglardan biri Bahrom Asqarov haqidagi ocherk yozish topshirig‘ini olgach, u bilan suhbat vaqtini kelishaman. Rutubatli noyabrning xazonrezgi oqshomlarining birida 30 yillik metallurg Bahrom Asqarov bilan hamsuhbat bo‘laman. Kasb koridan qat'iy nazar kitoblarga oshno insonlar bilan bo‘ladigan muloqotning zavqi, jozibasi o‘zgachadir. Ayniqsa, suhbatdoshingizning badiiy didi, umuman adabiyotga ixlosi baland bo‘lsa, suhbatning royishi ham bo‘lakcha bo‘ladi. Bahrom Musurmonqulovich bilan bo‘lgan suhbatimiz otasi bilan bog‘liq xotiralar(yuqoridagi) bilan boshlandi...
- Inson ota-onasiga quloq solishni bas qilganda emas, ular haq bo‘lganini tushunganidagina ulg‘aygan bo‘lar ekan. Otam - taniqli shoir, pedagog va eng yaxshi ota bo‘lgan inson Musurmonqul Asqarov, onam Qarshigul Qo‘ziboyevalarning bergan tarbiyasi, hayotiy ibratlari bilan yuksaldim, hayotda o‘z yo‘limni topdim, - deydi qahramonimiz.
Ustozlarim bamisoli yo‘lchi yulduz bo‘lishdi
“Bir soatlik baxt uchun bir oz mizg‘ib oling. Bir kunlik baxt uchun baliq oviga chiqing. Bir yil baxtli bo‘lishni istasangiz, katta merosga ega bo‘ling. Modomiki, bir umr baxtiyor yashashni istasangiz, boshqalarga yordam bering.” Menga metallurgiya sir-asrorlarini o‘rgatgan ustozlarim mana shu Xitoy falsafasi asosida yashashgan deb o‘ylayman. Ularda nafaqat menga, balki sohaga qiziqqan hammaga, metallurg bo‘laman degan yoshlarga yordam berish hissi kuchli bo‘lgan. Mana shuning uchun ham men ularni eslaganimda baxtiyor siymolar gavdalanadi. Bular - metallurgiyaning darg‘alari bo‘lgan Leonid Kornikov, Yelena Kovalenko, Vladimir Pogoreliy, Olim Shodmonovlardir.
Ustoz, umuman o‘rgatuvchi inson kasbning jozibasini topib bera olmasa hammasi bekor. Metallurg sifatida ish boshlaganimga mana salkam 30 yil bo‘libdi. Shu yillar davomida metallarni toblarkanmiz, o‘zimiz ham toblandik, sayqallandik, deb o‘ylayman, - deydi tajribali metallurg Bahrom Asqarov.
Omadli inson bo‘lishga emas, odamlar uchun bebaho inson bo‘lishga intiling...
...95-yilning yozida Toshkent Kimyo-texnologiya institutini muvaffaqiyatli tamomlab, kombinat Mis eritish zavodiga ish yo‘llanmasini olgan qahramonimiz zavodning Oltin va kumush, ya'ni qimmatbaho metallarni ishlab chiqarish apparatchisi sifatida mehnat faoliyatini boshlaydi. Keyinchalik, Oltin va kumushni affinajlash sexida usta, smena katta ustasi, ishlab chiqarish uchastka ustasi, shuningdek, Oltin va kumushni affinajlash bo‘linmasi boshlig‘i kabi lavozimlarda faoliyat yuritar ekan, bu yillarni metallurgiya sohasini ko‘proq va yaxshiroq bilishga, umuman tajriba orttirishga imkon bo‘lgan yillar bo‘ldi, deyish mumkin. 2006-yildan Oltin va kumushni affinajlash sexi rahbari o‘rinbosari, keyinchalik mazkur sex boshlig‘i sifatida ishlab kelayotgan qahramonimiz o‘z ishi haqida shunday deydi:
- Sevimli kasb odamni ikki narsadan saqlaydi. Birinchisi zerikish, ikkinchisi yomon keksalikdan. Oltin 12 kilogrammlik yombi holatiga kelgunicha juda ko‘plab texnologik jarayonlardan o‘tadi. Bu minglab odamlarning mehnati, zahmati demakdir. Seximizda ana shu mehnatlar mahsuli bo‘lgan oltin va kumush yombilar tayyorlanadi. Bu oxirgi jarayon.
Ochig‘i, bu jarayonlarni ko‘rish nafaqat metallurg uchun, balki boshqa soha odamlari uchun ham benihoya qiziq, deb o‘ylayman. Jamoangiz, atrofdagi odamlar uchun bebaho inson bo‘lish katta baxtning bir bo‘lagi. Bunday bo‘lishi uchun esa siz ham bebaho tajribangizni izingizdan kelayotgan yoshlarga ulashishingiz kerak bo‘ladi.
Keyingi 5 yillik bizning sohada ham anchagina samarali palla bo‘ldi, deya olaman. Xususan, 2019 yildan boshlab zargarlik sanoatining rivojlanishi uchun ishlab chiqarilgan o‘lchamli oltin quymalar, shuningdek, 2024 yildan boshlab 100 grammlik oltin granulalar bunga misoldir.
Yaxshi otalarsiz yaxshi maktablar bo‘lmaydi...
Darhaqiqat, “Yaxshi farzandlarni yaxshi otalargina ulg‘aytiradilar” deyish mumkin. Bugun nafaqat kasbiy faoliyatda, balki far zandlarining yetuk insonlar bo‘lib shakllanishida o‘ziga xos ibrat maktabini yarata olgan qahramonimiz farzandlarining kamolidan mamnun. Turmush o‘rtog‘i Nargiza opa bilan OILA atalmish shoh asarning sarlavhalarini vafo va sadoqat, mehr va muhabbatdan bunyod qilishga harakat qildilar. Oila bekasi Nargiza opa “Toshkent temir yo‘llari” AJda xodimlar bo‘limi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritsa, to‘ng‘ich farzandi Mohina Toshkent tibbiyot institutining ortopediya yo‘nalishida tahsil oldi. Odina esa diplomatiya sohasini tanladi. Asqarovlar oilasining munosib davomchilaridan biri bo‘lgan Ravshan esa hozirda Loyihalashtirish firmasida o‘z ish faoliyatini yuritib kelmoqda.
- Otam bizga bergan tarbiya va ibrat maktabi, hayotimizda andoza, namunadir. Ular bizni qaysi qoidalar bo‘yicha ulg‘aytirgan bo‘lsalar, bizlar ham shu an'analarni qadriyat darajasida ko‘rib, farzandlarimizni tarbiyalashga harakat qildik, - deydi oila boshlig‘i Bahrom Asqarov.
So‘ngso‘z o‘rnida
Darhaqiqat, “Umid bilan suqilgan tayoq, bir kun berar meva-yu yaproq” degan hikmat 30 yillik metallurg Bahrom Asqarovning hayotiy aqidasi, shiori bo‘ldi. Yillar silsilasida toblangan bu haqiqat bugun hamkasb va shogirdlari uchun USTOZ, farzandlari uchun yaxshi OTA maqomidagi qahramonimizning bir umrlik MAYOG‘I bo‘ldi. Bu MAYOQ hamisha baland va porloq bo‘lsin!
Dilafro‘z ABDUNE'MAT qizi