Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Millatlararo totuvlik — barqaror taraqqiyotning mustahkam poydevoridir

31 Iyul 2026, 9:2 186

“Hech qachon unutmaylik, xalqlar do‘stligi bu — muqaddas insoniy qadriyat, tinch, erkin va farovon hayot garovidir. Bugungi kunda barchamiz o‘zimiz, oilamiz, farzandlarimizning baxti, jonajon O‘zbekistonimizning taqdiri va kelajagi uchun yagona xalq, yagona jamiyat bo‘lib harakat qilayotgan ekanmiz, yuksak maqsadlarimizga albatta yetamiz”.
Shavkat Mirziyoyev

30-iyul - Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan “Metallurg” madaniyati saroyi hovlisida OKMK Ma’naviyat va ma’rifat kengashi tashabbusiga ko‘ra bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbir avvalida so‘z olgan “Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sa’di Shermatov hamda Olmaliq shahar hokimi o‘rinbosari Ergash Abduraimov yig‘ilganlarni qutlug‘ ayyom bilan samimiy muborakbod etishdi. Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda hukm surayotgan barqarorlik va tinchlik siyosatining bosh poydevori aynan millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik hamda o‘zaro hamjihatlik ekanligini alohida ta’kidlab o‘tishdi. Shuningdek, kombinat va shahrimiz rivojida turli millat vakillarining bir oila farzandlaridek bahamjihat mehnat qilayotgani yurtimiz taraqqiyotining yorqin namunasi ekanligini e’tirof etishdi.

Tadbir davomida “Metallurg” MS baddiy havaskorlik jamoalari hamda Olmaliq shahar madaniyat bo‘limi xodimlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Dilrabo kuy-qo‘shiqlar va turli xalqlarning jozibali milliy raqslari davraga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

Shuningdek, shahrimizda faoliyat yuritib kelayotgan Rus va Koreys milliy madaniy markazlari a’zolari va Olmaliq shahri 8-sonli bolalar musiqa va san'at maktabi o‘quvchilari chiqishlari ham olqishlarga sazovor bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki 30-iyul — Xalqaro do‘stlik kuni 2011-yil 3-mayda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan e’lon qilingan. O‘zbekistonda 2021-yildan buyon bu sanada Xalqlar do‘stligi kuni nishonlab kelinmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila farzandlari kabi ahil va inoq yashab, mamlakat ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Ayni paytda kombinatning ulkan va ahil jamoasida 36 ta millat vakillari yagona oila farzandlaridek yurtimiz ravnaqi yo‘lida sidqidildan mehnat qilib kelishayapti.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech