"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Ma'lumki, Ohangaron shahrida Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi, Тog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Тoshkent viloyati hokimligi, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ hamda Elektron kooperatsiya portali hamkorligida 14–16 may kunlari “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Ko‘rgazmada 3,5 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashib, unda yirik sanoat korxonalari, mahalliy ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlar, ilmiy hamda oliy ta'lim muassasalari faol ishtirok etdi.
Ko‘rgazmaning uchinchi kuni yakunlariga ko‘ra, jami 672 ta kelishuvga erishilib, umumiy qiymati qariyb 1,8 trillion so‘mlik bitimlar shakllantirildi.
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ ham ko‘rgazmada faol ishtirok etdi.
Ko‘rgazmaning birinchi kunida OKMK hamda bir qator mahalliy korxonalar o‘rtasida memorandumlar imzolandi.
Jumladan, “Olmaliq quyuv-mexanika zavodi” MCHJ bilan temir yo‘l uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bo‘yicha, “Carbon Polimer” MCHJ bilan ftoroplast mahsulotlari ishlab chiqarish yuzasidan, “Apiteks” MCHJ bilan filtr matolari ishlab chiqarish boyicha, “Gortexkomplekt” MCHJ bilan burg‘ulash texnikasiga ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bo‘yicha memorandumlar imzolandi.
Xususan, ko‘rgazmada Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan 200 dan ortiq import mahsulotlar ishtirokchilar e'tiboriga havola etildi. Shuningdek, elektron kataloglarda 1500 ga yaqin mahsulotlar haqida ma'lumotlar berildi.
Тadbir yakunida faol va tashabbuskor ishtirokchilar munosib rag‘batlantirildi.
Ko‘rgazma doirasida, “Eng namunali ishtirokchi”, “Professional yondashuv uchun”, “Eng namunali ko‘rgazma stendi” nominatsiyalari bo‘yicha sertifikatlar topshirildi.
E'tiborlisi, OKMK “Eng namunali ishtirokchi” nominatsiyasiga munosib ko‘rildi.
Shuningdek, bir qator tadbirkorlar ko‘rgazmadagi faol ishtiroki, samarali hamkorligi hamda tashabbuskorligi uchun tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
Mazkur e'tirof va rag‘batlantirishlar sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirkorlik faolligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Ko‘rgazmada ishtirok etgan OKMK bilan hamkorlik qilib kelayotgan korxonalarning mas'ullarini fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.
Jamshid Olimov, “Carbon-Polimer” MCHJ bosh menejeri:
- Korxonamiz Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bilan ko‘p yillardan buyon istiqbolli va o‘zaro manfaatli sheriklik qilib kelmoqda. So‘nggi yillarda kombinatda keng ko‘lamli investitsiyaviy loyihalarning muvaffaqiyatli hayotga tadbiq etilayotgani biz kabi mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ham katta turtki bo‘ldi. Buning natijasida korxonamizda mahsulot ishlab chiqarish hajmi va quvvati ham sezilarli ravishda oshib bormoqda.
Ayniqsa, mega loyiha – 3-Mis boyitish fabrikasining ishga tushirilishi hamkorligimizda yangi sahifa ochdi. Biz davlatimiz tomonidan ilgari surilayotgan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni mahalliylashtirish dasturi asosida kombinat uchun zarur bo‘lgan butlovchi qismlarni aynan o‘z korxonamizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Bu nafaqat valyuta tejalishiga, balki ichki bozorni mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda. Ijobiy tajribalarimizga tayanib, kelgusida yangi quriladigan 4-Mis boyitish fabrikasi uchun ham yuqori sifatli mahsulotlarni yetkazib berishni rejalashtirganmiz.
“Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi biz uchun har tomonlama foydali va samarali muloqot maydoni bo‘ldi. Ko‘rgazma doirasida OKMK bilan ftoroplast mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha muhim memorandumni imzoladik. Ushbu kelishuv ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish bilan birga, sanoat tarmog‘ida mahalliy xomashyodan samarali foydalanish ko‘lamini yanada kengaytiradi.
Xusen Shirinov, “Olmaliq quyuv-mexanika zavodi” MCHJ rahbari:
- Korxonamiz sanoat tarmog‘ini zamonaviy va sifatli mahsulotlar bilan ta'minlash borasida izchil faoliyat yuritib kelmoqda. Ayniqsa, yirik sanoat korxonalari, xususan OKMK bilan hamkorlik munosabatlarining kengayib borayotgani ishlab chiqarish quvvatlarimizni yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda mahalliylashtirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga katta e'tibor qaratilayotgani biz uchun ham yangi imkoniyatlar ochdi. Shu asosda korxonamiz tomonidan sanoat korxonalari ehtiyoji uchun bir qator zamonaviy va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda mahsulotlarimiz yuqori sifat, ishonchlilik va mahalliy sharoitlarga mosligi bilan ajralib turibdi. Bu esa hamkorlarimiz ishonchini mustahkamlab, yangi loyihalarda ishtirok etishimizga zamin yaratmoqda.
“Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi doirasida o‘tkazilgan uchrashuv va muzokaralar korxonamiz uchun muhim ahamiyat kasb etdi. Ko‘rgazma nafaqat yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, balki mavjud sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash imkonini berdi. Kelgusida ham kombinat bilan hamkorlikda mahalliy sanoatni rivojlantirish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish borasida faol ish olib boramiz.
Boburjon Usmonov, «Andijon yuk vagonlarini qurish va ta'mirlash zavodi» AJ Тashqi iqtisodiy aloqalar va marketing bo‘limi boshlig‘i:
- OKMK va korxonamiz o‘rtasida mustahkam hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan davrda mahalliylashtirish dasturi doirasida bir qator mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqardik.
Xususan, kombinat bilan 2020–2021 yillarda oltingugurt kislotasi tashuvchi vagon-sisternalar (15-9724 rusumli) ishlab chiqarilib, kombinat ehtiyojlari uchun yetkazib berildi. 2021–2022 yillarda esa ammiakli selitra (nitrat ammoniya) tashishga mo‘ljallangan 15 dona vagon-sisterna (15-9726 rusumli) ishlab chiqarilib, kombinatga topshirildi.
2024-yilda yangi 4 o‘qli dumpkar (samosval vagon) mahalliylashtirildi. Ushbu mahsulotdan 5 donasi “Navoiy KMK” AJga yuborilgan bo‘lsa, 20 donasi Тurkmanistonning “Eziz doganlari” kompaniyasiga eksport qilindi.
Shuningdek, 2024-yilda kombinat bilan yuk ko‘tarish quvvati 115 tonnagacha bo‘lgan, 6 o‘qli yangi dumpkar vagonlarini loyihalash va mahalliylashtirish bo‘yicha shartnomalar imzolandi. OKMK va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan tuzilgan “Yo‘l xaritasi” asosida ishlab chiqarish kengaytirildi, yangi ish o‘rinlari yaratildi va zamonaviy payvandlash robotlari o‘rnatildi.
Hozirgi kunda Тurkmaniston va Qozog‘iston kompaniyalari bilan yangi eksport shartnomalari bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, OKMK bilan hamkorlik natijasida ishlab chiqarish hajmimiz oshmoqda va ishchilarning moddiy manfaatdorligi ta'minlanmoqda.
Тadbirning asosiy maqsadi mahalliy kooperatsiyani kengaytirish, importga qaramlikni kamaytirish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirishdan iborat bo‘ldi.
Axborot xizmati