Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Mis boyitish fabrikasi OKMKda mis molibden konsentratini yetkazib berishda ilg‘orlardan sanaladi. Ahamiyatlisi bu yerda nafaqat boyitish jarayonlari balki nazorat tizimi ham mukammal texnologiyalar bilan ta'minlanmoqda.
Jarayonlarni markazlashtirish bir nechta sex va bo‘linmalardan iborat bo‘lgan yirik MBF uchun o‘ta zarur sanaladi. Ta'kidlash kerakki, nafaqat ishlab chiqarishda balki ayni mana shu tizimda ham tezkorlik va aniqlik natijaga bevosita o‘z ta'sirini o‘tkazadi. Shu maqsadda fabrika markaziy dispetcherlik xizmati 17 iyun kuni kapital ta'mirga topshirilgan edi.
Ta'mir jarayonlari 1 oy davomida «Olmaliqmetallurgqurilish» tresti mehnat jamoasi tomonidan olib borildi. Foydalanishga topshirilgan dispetcherlik xizmati xonasida operativ aloqa tizimi mutlaqo yangilandi. Xususan, o‘lchami 43 diagonalli monitor o‘rniga 75 diagonalli 3 ta monitor o‘rnatildi.
1- monitorga korxona tarkibida 500 dan ortiq texnologik jarayonlarni nazorat qiluvchi kameralar ulangan bo‘lib, nazorat bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladi. 2- monitor raqamlashtirilgan mnemosxema orqali ishlaydi va unda rudani qabul qilishdan tortib so‘nggi bosqich mis shixtasi holatiga kelgunicha bo‘lgan jarayonlar to‘liq nazorat etiladi. 3- monitor orqali esa har bir bo‘linmada bajarilayotgan rejaviy ko‘rsatkichlar soat sayin nazoratga olinadi. Bu esa oqsash kuzatilayotgan qismlardagi muammolarni tezda bartaraf etishga ko‘mak beradi.
Dispetcherlik xizmati tarkibida bugungi kunda 4 nafar dispetcher va 4 nafar operator o‘z xizmat faoliyatini olib bormoqda. Ular tomonidan jarayonni to‘liq nazorat qilish maqsadida yangi komp'yuter jihozlari, 200 dan ortiq raqamni saqlaydigan va ularni bir vaqtda aloqaga chiqarish, xabar yozish imkoniyatiga ega bo‘lgan telefon uskunalari ham o‘rnatildi. Jarayonlarning shu tariqa markazlashtirilishi aniqlik, sifat va tezkorlikni oshirish, muammolarni kerakli vaqtda bartaraf etib ishlab chiqarish davomiyligini ta'minlashga xizmat qiladi.
Axborot xizmati