Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Muhandislik maktabida 10 oylik kurslar yakunlandi

20 Iyun 2025, 13:41 1127

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 20-iyundagi videoselektor yig‘ilishida “Tezkor iqtisodiy rivojlanish uchun bizga yuqori malakali muhandislar havodek zarur” deya ta’kidlagan edilar. Shu bois yurtimizda har bir sohani ilmiy asosda rivojlantirishda, amaliy bilimga ega yosh mutaxassislar tayyorlash dolzarb masala sifatida belgilangan. Bu vazifalar ijrosi OKMKda ham izchil yo‘lga qo‘yilgan boʻlib,  Muhandislik maktabi  ana shunday tashabbusning natijasi hisoblanadi. Bu yerda ishchi xodimlarning ta’lim jarayonlari nafaqat nazariy balki amaliyot bilan uzviy bogʻliqlik asosida olib boriladi. 

Kuni kecha mana shunday zamonaviy sharoitlarga ega boʻlgan ushbu maktabning metallurgiya, kon ishi, mexanika va energetika yo‘nalishlarida 10 oylik malaka oshirish oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga diplomlar topshirildi.

OKMKning barcha tarkibiy boʻlinmalaridan saralab olingan 42 nafar oliy ma’lumotli xodimlar 2024-yilning may oyidan boshlab joriy yilning mart oyiga qadar malakali mutaxassislardan ta’lim olishdi.

Yakuniy sinov jarayonlari 3 bosqichda tashkil etilib, tinglovchilar yoʻnalishiga oid  test savollariga javob berish, bitiruv malakaviy ishi boʻyicha belgilangan mavzular asosida taqdimot tayyorlash hamda mutaxassislar tomonidan mehnat muhofazasi va ish faoliyatiga oid berilgan savollarga javob topish orqali Muhandislik maktabida olgan bilimlarini namoyish etishdi.

Imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtgan barcha xodimlar kombinatning istiqbolli zaxira kadrlari roʻyxatiga kiritildi. Bu esa ularning kelgusidagi kasbiy rivojlanishlariga mustahkam asos boʻladi.

Yurtimizda muhandis-texnik mutaxassislarga bo‘lgan talab tobora ortib borayotgan bir pallada, shahrimizning  ushbu bilim dargohi — ilm, amaliyot va innovatsiyaning birlashgan maskani sifatida kelajakni bugundan qurmoqda.

Zero, Yangi O‘zbekistonning poydevori bu yuksak tafakkurga ega, amaliy ko‘nikmalarga boy, raqobatbardosh mutaxassislardir.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech