Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Muhandislik maktabida “Energetika va mashinasozlik” fakulteti kafedralari ochildi

23 Aprel 2025, 10:4 1327

Sanoat va ta’lim integratsiyasi bu - oʻquv dasturlarini real ehtiyojlarga moslashtirish, talabalarning nazariy bilimlarini ishlab chiqarishda mustahkamlash, korxonalar uchun oʻzlariga zarur boʻlgan mutaxassislarni tayyorlash jarayonida bevosita ishtirok etish imkoniyatidir. Har qanday tashkilotning ertangi taraqqiyotini belgilovchi mazkur strategik yoʻnalish OKMKda ham keng koʻlamda amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan, kombinat tarkibiy boʻlinmalarida Respublikaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari filiallari ochilib, talabalar hamda ishchi-xodimlar uchun yangi imkoniyatlar yaratilyapti. Joriy yilning 18-aprel kuni OKMK Muhandislik maktabi ham Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali yoshlari uchun oʻz eshiklarini ochdi.

Energetika va mashinasozlik fakulteti Texnologik mashinalar va jihozlar hamda Mashinasozlik texnologiyasi kafedralari filialining ochilish marosimida OKMK muhandislik maktabi va TDTU Olmaliq filiali rahbariyati, professor-oʻqituvchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.

Endilikda mazkur kafedralarning filiali mehnat bozorida raqobatbardosh sifatli kadrlar tayyorlash, korxonaning dolzarb muammolarini ilmiy-tadqiqot ishlari yordamida hal etish, professor-oʻqituvchilarning malakalarini oshirish hamda talabalar oʻquv jarayonini bevosita texnologik amaliyot bilan birga olib borish imkoniyatini beradi.

Oliy ta’lim bilan manfaatli hamkorlik doirasida Muhandislik maktabi tinglovchilari uchun TDTU Olmaliq filiali professor-oʻqituvchilari tomonidan seminar mashgʻulotlarini tashkil etish ham rejalashtirildi. OKMKda ta’lim va sanoat integratsiyasi orqali bilim va amaliyot uyg‘unligi ta’minlanmoqda. Bu nafaqat korxonaning, balki hudud sanoatining barqaror rivojlanishi uchun muhim poydevor hisoblanadi. Ushbu tajriba esa butun respublika uchun namunaviy model bo‘lishi shubhasiz.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech