• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Muhim uchrashuv oldidan matbuot anjumani

15 Avgust 2023, 9:38 1412

Osiyo chempionlar ligasi dastlabki saralash bahsi doirasida OKMK va “Al-Sib” jamoalarning bosh murabbiylari va jamoa sardorlari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

Dastlab Ummonning “Al-Sib” jamoasi bosh murabbiysi Jorvan Vieyra va jamoa a'zosi Ahmad al Roahiy jurnalistlar bilan uchrashdi.

"O‘zbekistonga uchinchi marta kelishim. Ilk bor Malayziya termasi bilan, so‘ngra Quvayt termasi bilan tashrif buyurganman, mana endi "Al Sib" bilan yurtingizga keldim. OKMK bilan oson o‘yin bo‘lmaydi. Ikkala jamoa ham maydonda bor kuchini berib harakat qiladi, - deydi Jorvan Vieyra.

Rekonstruksiya qilingan OKMK o‘yingohi haqidagi fikringiz.

- O‘yingohni ko‘rdim, barcha sharoitlar yaratilgan. Bunday maydonlarda ham yaxshi futbol namoyish etsa bo‘ladi. OKMK jamoasi infratuzilmasini rivojlantirmoqda.

- OKMK futbolchilaridan qaysilari e'tiboringizni tortdi?

- Hozir futbol shunday rivojlanib boryaptiki, har qanday jamoa har bir raqibni o‘rganmoqda. Uchrashuv oldidan kimlarni sinchiklab o‘rganganimizni ayta olmaymiz. Agar aytsam, sirimni ochgan bo‘laman. Barchasi yashil maydonda hal bo‘ladi. Shuning uchun bu savolni ochiq qoldiraylik.

- 2008-yil "Sepaxon"jamoasi bosh murabbbiyi sifatida "Bunyodkor"ga qarshi o‘ynagansiz. O‘sha jamoa murabbiyi Mirjalol Qosimov hozirgi kunda OKMK murabbiyi hisoblanadi. O‘sha o‘yinni eslay olasizmi?

- Eslayman. Kelasi OChLda ham g‘alaba qozonganmiz. Futbol rivojlanib bormoqda. Kechagi g‘alabalar bilan qolib ketish noto‘g‘ri. Kecha OChL g‘olibi edim, bugun esa saralashdaman. Maqsadimiz - keyingi bosqichga chiqish. Biz bugun bilan yashaymiz. Shuni qo‘shimcha qilishim joizki, o‘zbek futbolchilari ancha yaxshi darajada. O‘zbek futbolchilaridan Shukurov, G‘aniyevlarni e'tirof etish joiz.

Shundan so‘ng, OKMK bosh murabbiysi Mirjalol Qosimov va jamoa sardori Sanjar Tursunovlar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

- O‘yin haqida Mirjalol Qosimov: Uzoq kutilgan kun yetib keldi. O‘tgan yilgi natijamizdan kelib chiqqqan holda, saralash bosqichida ishtirok etyapmiz. Osiyo Chempionlar ligasining havosi boshqacha. Buni yigitlarga ko‘p bora aytganman. Bu kabi o‘yinlarda Vatan sharafini himoya qilish yotadi. O‘yinga tayyormiz. Maqsadimiz — keyingi bosqichga yo‘l olish.

Sanjar Tursunov: Ertaga yigitlar bilan Olmaliq shahri aholisiga bayram kayfiyatini ulashishga harakat qilamiz.

Mirjalol Qosimov: Raqib jamoa haqida yetarlicha ma'lumot yig‘ildi. "Al Sib"ning o‘yinlarini ko‘rib chiqdim. Jamoa yaxshi himoyalanadi va tezkor hujumga o‘ta oladi. Hatto 95-96-daqiqalarda gol urib, oxirigacha kurashgan holda g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirib ketgan paytlar ham bo‘lgan. Bu futbol. Yigitlarimizga ishonaman. Vaziyatlardan kamroq xato qilib, ko‘proq unumli foydalanish kerak. Iloji boricha to‘pni ko‘proq o‘zimizda ushlab turib, raqibni xato qilishga majbur qilish lozim.

- Yozgi transferlardan so‘ng jamoa OChLda ishtirok etishga tayyor tarkibga egami? Bo‘shliqlar to‘ldirildimi?

Mirjalol Qosimov: Transferlar borasida O‘zPFL reglamentiga bo‘ysunishga majburmiz. Istagancha o‘yinchi sotib ololmaymiz. Aslida, har bir pozitsiyada ikkitadan futbolchi bo‘lsa, rivojlanish uchun zamin yaraladi. Mavjud tarkibdan kerakli natija ko‘rsatishga harakat qilamiz.

- Sanjar Tursunovga savol: Qayta ta'mirlangan maydon holatini qanday baholaysiz?

Sanjar Tursunov: Yangilangan maydonga tushib ko‘rdim. O‘ylashimcha, hozirgi stadionni O‘zbekistondagi eng yaxshisi deb ayta olaman. Bunday maydonda faqat yaxshi o‘yin ko‘rsatish kerak xolos.

Mirjalol Qosimov: Shart-sharoitlar yaratib bergani uchun Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyatiga minnatdorchilik bildiramiz. Bunday maydonga chiqqandan keyin odam rohatlanadi. Hali bu maydonda O‘zbekiston terma jamoasi ham o‘z o‘yinlarini o‘tkazishi shubhasiz.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech