"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik shonli bayrami arafasida mamlakatimizning sanoat salohiyatini mustahkamlash, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va yirik bunyodkorlik loyihalarini amalga oshirish yoʻlida olib borilayotgan ishlar yanada katta ahamiyat kasb etmoqda.
Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi jamoasi ham mazkur jarayonlarga oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda. Korxonani asosiy faoliyati texnologik uskunalar, yuk koʻtarish mexanizmlari hamda ishlab chiqarish infratuzilmasini kapital va joriy ta’mirlashdan iborat. Aynan ushbu ta’mirlash va texnik xizmat koʻrsatish ishlarining oʻz vaqtida hamda sifatli bajarilishi - kombinatdagi ishlab chiqarish jarayonlarining uzluksiz va barqaror ishlashini ta’minlaydi. Hozirgi kunda ITIB jamoasi mehnat unumdorligini oshirish, resurslardan oqilona foydalanish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish boʻyicha belgilangan vazifalarni muvaffaqiyatli bajarib kelmoqda.
Xususan, 2026-yilning yanvar-iyul oylari yakunlari jamoa mehnatining naqadar yuqori samaradorlikka ega ekanini amalda namoyon etdi. Mazkur davrda bajarilgan ishlar hajmi belgilangan reja koʻrsatkichining 117 foizni tashkil etib, oʻtgan yilning shu davridagi koʻrsatgichdan (104 foiz) yuqori boʻldi.
Ushbu davrda ITIB mutaxassislari tomonidan quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha ta’mirlash va montaj ishlari amalga oshirildi:
Sanoat korxonasi faoliyatida resurslardan oqilona foydalanish va mahsulot tannarxini pasaytirish boshqaruvning ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, xarajatlarni optimallashtirish va ichki imkoniyatlarni safarbar etish evaziga sezilarli iqtisodiy tejamkorlikka erishildi.
Ishlab chiqarish jarayoniga Bakelit lak o‘rniga yangi epoksid tarkibli lak texnologiyasining joriy etilishi resurslarni tejashga xizmat qilgan bo‘lsa, omborxona zaxiralari hajmi maqbullashtirildi.
Shuningdek, sanoat mustaqilligini ta’minlash borasidagi Mahalliylashtirish dasturi doirasida 2026-yil yanvar-iyul oylarida texnologik va nostandart uskunalar hamda gaz-chang tozalash va ventilyatsiya tizimlarini mahalliylashtirish boʻyicha belgilangan reja 114 foizga uddalandi.
OKMKda modernizatsiya loyihalarini amalga oshirishda ham ITIB mutaxassislari faol ishtirok etmoqda. Jumladan, 3-Mis boyitish fabrikasi loyihasi doirasida fabrikaning Ohak saqlash va qayta ishlash binolari uchun 235,3 tonna (558 dona) yirik metall konstruksiyalar tayyorlanib, montajga topshirildi. Shuningdek, oʻrta maydalash(KSD) korpusi, maʻdan tayyorlash korpusi(KRP) va kimyoviy reagentlar sexlarida 184 tonnadan ortiq metall konstruksiyalar yagona modullarga yig‘ildi.
Rux zavodidagi 6-sonli sulfat kislotasi sexi qurilishida va Veltslash sexlarida ventilyatsiya hamda tabiiy gaz tizimlari montaj qilindi, gaz quvurlari va baklari issiqlik izolyatsiyasi qilindi. CAO-2 bo‘linmasida kislotaga chidamli qoplash (futerovka) ishlari bajarilib, zamonaviy texnologiyasini qoʻllagan holda SX maxsus qotishmasidan tayyorlangan 780 metrdan ortiq kislota quvurlari payvandlandi. Veltslash sexida esa yangi DMC-370-6 markasidagi yangi filtrlardan biri to‘liq yig‘ilib montaj qilindi, shuningdek, 1800 metrdan ortiq payvandlash ishlari bajarildi.
Mis boyitish fabrikasi yanchish va flotatsiya sexida eski gidrotsiklonlar o‘rniga avtomatlashtirilgan "WM" nasos-gidrosiklon qurilmalarining 14 ta komplekti o‘rnatildi. Kovuldi kon boshqarmasi va MBF 1-maydalash sexida ham muhim montaj va ta’mirlash ishlari bajarildi.
Yilning qolgan davrida ham yirik hajmdagi ta’mirlash-montaj ishlarini bajarish hamda ventilyatsiya, aspiratsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish loyihalarida faol ishtirok etish rejalashtirilgan.
Bugungi sanoat taraqqiyotini raqamli texnologiyalar va innovatsiyalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. ITIBda ham xodimlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, raqamli texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 114 nafar xodim "5 million sun’iy intellekt yetakchilari" loyihasi doirasida, 21 nafar xodim esa "1C: ZUP" dasturi bo‘yicha o‘qitildi. Sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqarishga joriy etish maqsadida istiqbolli yosh mutaxassislardan iborat "Yoshlar byurosi" tashkil etilmoqda.
Mustaqilligimizning 35 yilligini katta faxr va shukronalik bilan nishonlar ekanmiz, erishilgan natijalar bilan bir qatorda oldimizda turgan vazifalarni ham aniq belgilab olish muhim.
2026-yilning ikkinchi yarmida ITIB jamoasi oldida ishlab chiqarish koʻrsatkichlarini toʻliq bajarish, tannarxni pasaytirish, yirik investitsiya va rekonstruksiya loyihalarida belgilangan ishlarni sifatli hamda oʻz vaqtida yakunlash kabi muhim vazifalar turibdi.
Mustaqillik bizga, oʻz kelajagimizni oʻz qoʻlimiz bilan barpo etish imkoniyatini berdi. Bugungi kunda yutuqlarimiz, ishlab chiqarishdagi oʻsishimiz, yangi loyihalarimiz va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasidagi sa’y-harakatlarimiz ana shu imkoniyatlarning amaliy ifodasidir.
Ishonchimiz komilki, ITIB jamoasi hamjihatlikda mehnat qilib, oldiga qoʻyilgan barcha vazifalarini munosib ado etib, yurtimiz iqtisodiy taraqqiyotiga oʻzining munosib hissasini qoʻshadi.
Fursatdan foydalanib, barcha hamkasblarimizni, mehnat faxriylarini va aziz vatandoshlarimizni Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi bilan chin qalbimdan muborakbod etamiz!
Mustaqillik abadiy, Vatanimiz tinch va osmonimiz musaffo boʻlsin!
Xusniddin Sulaymonov,
Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi boshligʻi