• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Muvaffaqiyatlar ortidagi davr qahramonlari

31 Mart 2023, 13:3 919

...Insonning energiya sohasidagi birinchi “ixtirosi” olovning rivojlanishi edi. Bugungi kunda keng tarqalgan fikrga ko‘ra, bu taxminan 1,5 million yil oldin sodir bo‘lgan. Buni arxeologik topilmalar tasdiqlaydi. 5000 yil oldin inson omon qolish uchun odamga kuniga 12000 Kkal energiya kerak bo‘lgan bo‘lsa, miloddan avvalgi 1400 yilga kelib bu ko‘rsatkich ikki barobarga, sanoat inqilobidan keyin esa deyarli uch barobarga ko‘paygan.

So‘zimizni bejizga energetika haqidagi faktlar bilan boshlamadik. Boisi bugungi qahramonimiz ham energetika sohasining fidoyilaridandir.

Salkam o‘n yildan buyon “Olmaliq KMK” AJ Xondiza kon boshqarmasida bosh energetik lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Bahrom Yusupov kon boshqarmasining tajribali, malakali kadrlaridan.

- Alohida ta'kidlash kerakki, Boyitish fabrikasida tegirmonlarni ishga tushiruvchi “tegirmonlarni yengil qo‘zg‘atuvchi tizim”lar modernizatsiya qilindi. Shuningdek, shaxta xo‘jaligida CM-4100 rusumli yangi turbokompressor qurilmasi o‘rnatilganligi diqqatga molikdir. Aynan mana shu jabhada energetika xizmatining faoliyati ko‘zga tashlanadi.

Bugungi kunda boshqarma Energetika xizmatida 114 nafar kishi faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lsa, ularning 15 nafari rahbar xodimlardir.

2022 yilda Xondiza KBning belgilangan iste'mol elektr energiya miqdori 47,7 mln kVt bo‘lib, xizmatimiz xodimlarining sa'y-harakatlari va ular tomonidan qat'iy tartiblarda amalga oshirilgan chora-tadbirlar sababli 39,8 kVt elektr energiyasi sarflangan holda 7,9 mln kVt (7900000x450sum = 3 555 000 000 so‘mlik) elektr energiyasi iqtisod qilinganligini ta'kidlab o‘tish kerak, albatta, - deydi biz bilan suhbatda qahramonimiz.

Toshkent Davlat Texnika universitetining Energetika fakultetini muvaffaqiyatli tamomlagan Bahrom Yusupov ilk faoliyatini Xondizada elektrochilangarlikdan boshlagan. Keyinchalik, boshqarmaning Boyitish fabrikasida bosh energetik sifatida faoliyat yuritdi.

- Men 2008-yilda ilk faoliyatimni boshlagan bo‘lsam, bu yerda mening e'tiborimni tortgan holat bu - “Ustoz-shogird” an'anasi edi. Mana shu an'anaga ko‘ra, menga ham energetika tizimining eng yaxshi kadrlari - Nasrullo Ergashev, hozirgi kunda Mis boyitish fabrikasida Texnika xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i bo‘lib mehnat qilib kelayotgan Alisher Mingnorovlar soha sir-asrorlarini o‘rgatishdi, mahorat va malaka bobida o‘rnak bo‘lishdi. Mana oradan 15 yil vaqt o‘tib, o‘zim ham kimgadir nimadir o‘rgata oladigan, yo‘nalish bera oladigan darajaga kelgan bo‘lsam, bunda nomlari tilga olingan ustozlarimning hissasi beqiyos. Bugun shogirdlarim maqomida bo‘lgan elektromontyorlar - Nurali Tangriqulov, Ahror Jahongirov, Rahmatullo Muhriddinov, Husniddin Karimov, Mustafo Qudratovlar menga yelkadosh bo‘lib ishlab kelayotganliklaridan mamnunman.

Asosiy faoliyati rux, mis va qo‘rg‘oshin tarkibli ma'dan qazib olish bo‘lgan Xondiza kon boshqarmasi Olmaliq kon- metallurgiya kombinatining eng yetakchi bo‘g‘ini hisoblanadi. Bu yerda boyitilgan yarim fabrikat - qo‘rg‘oshinli, misli konsentrat kombinatning Mis eritish va Rux zavodlariga yuboriladi. Boshqarma tarkibiga yer osti jinslarini qazib olish shaxtasi, boyitish fabrikasi, texnik materiallar bazasi, qurilish-ta'mirlash uchastkasi, xo‘jalik ishlari uchastkasi, kimyo-tahlil laboratoriyasi hamda texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish va boshqarish bo‘limlari kiradi. Kon boshqarmasining ushbu jabhalari bilvosita energetika tizimi bilan aloqadorlikda ish olib boradi. Bu hammaga ma'lum jarayonlar, albatta.

...Aqlu tiynatini, butun bilim va zakovatini sanoat va energetika sohasining yuksalishi yo‘lida safarbar etib kelayotgan Bahrom Yusupov kabi davr qahramonlarining samarali mehnati tufayli bugun kombinat ishlab chiqarishning eng yuksak cho‘qqilarini zabt etib bormoqda. Buning natijasida esa OKMK xalqaro reyting standartlariga munosib bo‘lmoqdaki, bu albatta kishini quvontiradi.

Dilafro‘z EGAMBERDIYEVA

Bo`lishmoq:
Text to speech