"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Eng yirik sanoat loyihalaridan biri hisoblangan 3-mis boyitish fabrikasi mamlakatimiz tog‘-kon sanoati taraqqiyotining yangi bosqichini boshlab berdi. Yiliga 60 million tonna ma’danni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan ushbu majmua bugungi kunda bosqichma-bosqich o‘zlashtirilib, loyihada belgilangan ishlab chiqarish ko‘rsatkichlariga erishish sari izchil harakat qilinmoqda.
Ayni paytda texnologik jarayonlarni yana-da samarali tashkil etish, uskunalarning loyihaviy ko‘rsatkichlarda ishlashini ta’minlash, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish hamda mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilyapti.
Xususan, ishchi-xodimlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash va ekologik muhit barqarorligini ta’minlash maqsadida, o‘rta maydalash korpusida changni bosish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borildi. Bunda, maydalagichlardan o‘tgan ma’dan, magistral konveyerlarga tushishi qismlaridan so‘rilgan changni, lotokka yo‘naltirgan holda avtomatlashtirilgan tizim orqali suv berilib, so‘ndirish amalga oshirildi. Bu tizim orqali ishlab chiqarish joylari va atmosferaga chang ajralishining oldi olindi.
Quruq holda ishlovchi aspiratsiya tizimlarining ishlashi davomida, to‘plangan chang massalari, harakatlanayotgan konveyerlarga qayta tushirilishi natijasida, ishlab chiqarish joylarida qayta chang ko‘tarilishi muammosi ham hal etildi. Yig‘ilgan chang massasi maxsus lotokka yo‘naltirilib, suv qo‘shilishi orqali drenaj nasosi lotogiga tushirildi. Bo‘tana ko‘rinishidagi aralashma drenaj nasosi yordamida keyingi jarayonga yo‘naltirildi. Natijada ish joylarining changlanishi to‘liq bartaraf etildi.
Shuningdek, konveyer galereyalarining quyi qismlari monolit beton bilan qoplanib, galereya qiyaligi o‘zgaradigan joylarda zinapoyali ustunlar qo‘yildi. Natijada ishchi-xodimlarning xavfsiz harakatlanishi ta’minlanib, sovuq kunlarda shamol aylanishining oldi olindi va namli tozalash ishlarini qulay amalga oshirish imkoni yaratildi.
Bundan tashqari, quruq g‘alvirlash uskunalarini ishlatishda, g‘alvirlagichlar ustida himoya qoplamalarining yo‘qligi natijasida ish joylariga chang tarqalishi kuzatilgan edi. Hozirda g‘alvirlagichlar ustiga maxsus himoya to‘siqlari o‘rnatildi va ish joylariga chang chiqishi oldi olinib, ishchi-xodimlar uchun xavfsiz ish muhiti yaratildi.
Mayda maydalash korpusida bo‘shatish aravali tripper konveyerlarining ma’dan tushirish voronkalarining kengligi oshirilib, ma’dan tarkibidagi mayda bo‘laklarning ma’dan tushish joylariga yopishib qolishi bartaraf etildi va o‘tkazuvchanlik quvvati oshirildi.
Mayda maydalash korpusiga uzatilayotgan namligi yuqori bo‘lgan materiallarning ish joylariga to‘kilishini oldini olish maqsadida, tripper konveyerlari bosh qismiga maxsus quvurli voronkalar o‘rnatildi va bo‘tana ko‘rinishidagi aralashma zumpfga yuborilib, nasos yordamida keyingi jarayonga yo‘naltirildi.
Fabrikaning eng muhim bo‘g‘inlaridan biri hisoblangan HPGR maydalagichlarini ma’dan bilan ta’minlovchi tasmali ta’minlagichlar unumdorligi loyihaviy 3085 tn/soat quvvatga erishilmagan edi. Ushbu muammoni hal etish uchun mavjud V-1800 mm kenglikdagi tasmali ta’minlagichlar o‘rniga Markaziy ta’mirlash mexanika zavodida tayyorlangan yangi va kengroq, ya’ni V-2400 mm kenglikdagi tasmali ta’minlagichlarga almashtirildi. Natijada tasmali ta’minlagichlar unumdorligi loyihaviy 3085 tn/soat quvvatga erishildi. Bu esa HPGR maydalagichlariga xom-ashyoni uzluksiz va barqaror yetkazib berishni kafolatlaydi.
Bu kabi yechimlar ishlab chiqarish jarayonining samaradorligini yana-da oshirib, fabrikani bosqichma-bosqich loyihaviy quvvatlariga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Axborot xizmati