Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Sohibqiron merosi — taraqqiyotimizning mustahkam poydevoridir!

10 Aprel 2026, 9:15 150

“Kim bizning qudratimizga shubha qilsa, bir qurgan binolarimizga boqsin”, — buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temurning ushbu hikmatli so‘zlari asrlar osha o‘z mazmun-mohiyatini yo‘qotmay, bugungi avlodlarni ulug‘ maqsadlar sari ilhomlantirib kelmoqda. Sohibqiron merosi — bu nafaqat tarix sahifalarida muhrlangan xotira, balki bunyodkorlik ishlari va taraqqiyotimizning mustahkam poydevoridir.

Mamlakatimizda buyuk ajdodlar xotirasini qadrlash, ularning boy ilmiy-ma’naviy merosini keng ommaga yetkazish va targ‘ib etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Shu maqsadda Prezidentimizning 46-sonli qaroriga muvofiq, 2026-yilda Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanishi belgilangan. Mazkur hujjat asosida har yili aprel oyini “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilish, shuningdek, 2030-yilgacha mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” doirasida qator targ‘ibot loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Ana shu ezgu tashabbuslar doirasida joriy yilning 8-aprel kuni Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasida OKMK xodimlari Kasaba uyushmasi kengashining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha komissiyasi tomonidan tadbir tashkil etildi.

Dastavval mutasaddilar Sohibqironning boy tarixiy merosi, uning jasorati, davlat boshqaruvidagi yuksak salohiyati hamda yoshlar uchun ibrat bo‘ladigan fazilatlarini alohida e’tirof etdilar.

Tadbir davomida Amir Temur siymosi gavdalantirilib, sahna ko‘rinishi namoyish etildi. Shuningdek, “Metallurg” madaniyat saroyi xonandasi Uyg‘un Tovboyev ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlar olqishiga sazovor bo’ldi.

Ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv yakunida faol qatnashchilarga “Vatan” jurnali esdalik sovg‘asi sifatida topshirildi.

Xuddi shunday tadbir “Qalmoqqir” kon boshqarmasida ham o‘tkazilib, unda korxona direktorining yoshlar masalalari bo‘yicha yordamchisi Xurshid Abdullayev hamda yosh ishchi-xodimlar ishtirok etdilar.

Davra suhbatida Amir Temurning nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun jahon sivilizatsiyasi tarixida beqiyos o‘rin tutgan ulug‘ siymo ekani xususida atroflicha fikr yuritildi.

Tadbirda “Qalmoqqir” KB yetakchi iqtisodchisi Ozoda Ermanova hamda tog‘-kon me’yorchisi Diyora Ilginalar 31-martdan 3-aprelga qadar kombinat muhandis-texnik xodimlari o’rtasida o‘tkazilgan diktant tanlovida faol qatnashgani uchun esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Bundan tashqari, davra suhbati davomida faol ishtiroki uchun burg‘ulash ishlari bo‘yicha mutaxassis Abbos Mavlyanov, navbatchi elektrochilangar Zohid Mambetov hamda marksheyderlik yo‘nalishidagi tog‘-kon ishchisi Sitora Nabiyevalar alohida e’tirof etildi.

Bu kabi tadbir Issiqlik elektr markazida ham oʻrkazildi. Markaz kasaba uyushmasi qoʻmitasi, xotin-qizlar va gendr tenglik masalalari maslahat kengashi hamda OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi ma‘naviyat va ma‘rifat masalalari bo‘yicha komissiyasi hamkorligida  tashkil etilgan maʼnaviyat soatida buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur hayoti va faoliyati haqida batasil maʻlumot berildi.

Kovuldi kon boshqarmasida oʻtkazilgan ma’naviy tadbirda ham buyuk bobomizning hayoti va merosi haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

Tadbir davomida Amir Temurning hayotiga bag‘ishlangan video rolik namoyish etildi.

OKMK tarkibiy bo‘linmalarida Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ishchi-xodimlar, ayniqsa yoshlar qalbida milliy g‘urur va tarixiy merosga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech