Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Kaleydoskop” xalq raqs ansambli Xalqaro tanlov Gran-prisi sohibi bo‘ldi!

25 Iyun 2026, 14:40 31

Joriy yilning 22-iyun kuni “Kaleydoskop” xalq raqs ansambli xoreografiya san’ati bo‘yicha o‘tkazilgan nufuzli “Ko‘chmanchilar kubogi”xalqaro tanlovining bosh sovrinini qo‘lga kiritdi.

Rossiya Federatsiyasi va Xalqaro xoreograflar ittifoqi tomonidan, O‘zbekiston “Bahor” davlat raqs ansambli ko‘magida tashkil etilgan ushbu nufuzli bellashuv Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekistonning eng sara raqs jamoalarini bir davraga jamladi.

Quvonarlisi, ushbu xalqaro sahnada “Metallurg” madaniyat saroyining Nasiba Mambetova boshchiligidagi “Kaleydoskop” xalq raqs ansambli ijodkorlari o‘zining yuksak mahoratini namoyish etib, muvaffaqiyat qozonishdi. Tanlovda jamoaning uchta yosh toifasidagi bir qator betakror kompozitsiyalarni taqdim etdi.

Jumladan, kichik guruh — Meksikaning sho‘xchan va jozibali “Tapatio” raqsini, o‘rta guruh — sirli va o‘ziga xos “Shimol nafasi” kompozitsiyasini, katta guruh —  “Qadimgi Misr” raqsini mahorat bilan ijro etib, tomoshabinlarning davomli olqishlariga sazovor bo‘ldi.
Hakamlar hay’atining yuqori bahosiga ko‘ra, ansamblning har uchala guruhi I darajali diplomlar bilan taqdirlandi.

Tanlovning eng hayajonli lahzasida hakamlarning bir ovozdan bergan qarori e’lon qilindi: Xalqaro tanlovning oliy mukofoti — Gran-pri va bosh “Ko‘chmanchilar kubogi” “Kaleydoskop” xalq raqs ansambliga tantanali ravishda topshirildi!

Jamoa uchun xoreografiya san’atining asl namoyandalari tomonidan bildirilgan e’tirof alohida ahamiyat kasb etdi. Xususan, Mukarrama Turgunboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansamblining sobiq badiiy rahbari va bosh baletmeysteri, O‘zbekiston xizmat ko‘rsatgan artisti, Qoraqalpog‘iston xalq artisti Ziyoda Madraximova, shuningdek, taniqli baletmeyster-sahnalashtiruvchi, rejissyor va YUNESKO Xalqaro raqs kengashi a’zosi Ravshan Choriyevlarning ansambl mehnatiga bergan yuqori bahosi ko‘p yillik zahmatli mehnatning eng oliy mukofoti bo‘ldi.

Jamoani ushbu tarixiy g‘alaba bilan samimiy muborakbod etamiz!

Bo`lishmoq:
Text to speech