Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Navro‘z nafasi va milliy qadriyatlar

19 Mart 2026, 8:10 135

Yasharish va yangilanish ayyomi — Navro‘zi olam yurtimizga kirib kelar ekan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining har bir bo‘linmasida bayram shodiyonalari o‘zgacha shukuh bilan nishonlanmoqda. Xususan, Iste’mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi Tikuv mahsulotlari ishlab chiqarish sexida bahor nafosati va milliy qadriyatlarimizni ulug‘lovchi “Milliy laparlar festivali” bo‘lib o‘tdi.

Ishchi ayollarning kundalik faoliyatiga bayramona kayfiyat baxsh etgan ushbu tadbirda xalqimizning boy ma’naviy merosi — aytishuvlar, laparlar va ko‘ngillarni titratuvchi allalar yangradi. Milliy o‘zligimizni anglatuvchi bu kuy-qoshiqlar orqali ajdodlarimizdan meros qolgan an’analar yana bir bor bo‘y ko‘rsatdi.

Go‘yo bahor chechaklaridek tovlangan atlasu adraslar, milliy liboslardagi chiqishlar tadbirga o‘zgacha fayz kiritdi. Ishtirokchilar nafaqat mehnatda, balki san’at va madaniyatda ham mohir ekanliklarini namoyish etib, Navro‘z bayramiga munosib tuhfa tayyorladilar.

Laparlardagi sho‘xlik va allalardagi mehr tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashining ma’naviy-ma'rifiy ishlar komissiyasi tomonidan tashkil etilgan bu kabi tadbirlar jamoada ahillikni mustahkamlash bilan birga, boy madaniy merosimizni kelgusi avlodlarga yetkazishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbir soʻnggida faol ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Iqbol Yuldoshxodjayeva,

IMIChB kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi

Bo`lishmoq:
Text to speech