• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Nodir metallar va mis sanoati ikki tomonlama xalqaro seminari

27 Oktyabr 2023, 8:36 1135

Joriy yilning 25-26 oktyabr kunlari “Nodir metallar va mis sanoati” mavzusida Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish ilmiy birlashmasida VII O‘zbekiston-Koreya nodir metallar va mis sanoati ikki tomonlama xalqaro seminari bo‘lib o‘tdi.

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Koreya davlatining KITECH hamda KIRAM institutlari hamkorligida tashkil etilgan seminarda sohaning yetakchi ekspertlari, olimlar, professor va mutaxassislar, tadqiqotchilar ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida so‘z olgan OKMK bosh muhandisining ilm-fan bo‘yicha o‘rinbosari Abdurashid Hasanov kombinat faoliyati haqida ma'lumot berib o‘tdi.

Seminarda sohada erishilgan yutuqlar bo‘yicha turli mavzularda mutaxassislar tomonidan ma'ruzalar, stendli ma'ruzalar ishtirokchilar hukmiga havola etildi.

Seminar ishtirokchilari uchun sanoat-tur tashkil etilib, ular Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish ilmiy birlashmasi qoshidagi O‘zbek-Koreys ilmiy texnologik markazi, ilmiy texnik kutubxona faoliyati bilan ham tanishishdi.

Shuningdek, birlashma sexlarida ilm-fanning sanoatga integratsiyasi natijasida ishlab chiqarishi o‘zlashtirilgan mahsulot turlari bilan ham seminar ishtirokchilari tanishtirilib,  ishlab chiqarish jarayoniga guvoh bo‘lishdi.

Seminarda aynan mis va nodir metallarni chuqur qayta ishlash yo‘li bilan yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha o‘zaro fikr-mulohazalar almashildi. Masalan, Koreya sanoat texnologiyalari institutidan Dr. Kyung Tae KANG tomonidan taqdim etilgan “Displeylar ishlab chiqarishda nodir metallarni qo‘llash” mavzusidagi ma'ruza barchada katta qiziqish uyg‘otdi.

Jumladan, Koreya davlati bilan hamkorlik natijasida O‘zbek-Koreys ilmiy texnologik markazida olib borilgan tajriba tadqiqot ishlari natijasida  nodir metallarning nanokukunlari, qattiq qotishmalar, purkash uchun nishonlar,  mustahkamlash va kesish asboblari uchun funksional qoplamalar, Funksional gradient materiallari, plazma yo‘naltirilgan mahsulotlar, yuqori haroratli issiqlik o‘tkazuvchi materiallar, elektr jihozlari uchun kontaktlar, burg‘ulash asboblari kabi istiqbolli mahsulotlarning ishlab chiqarilishi o‘zlashtirildi.

Seminar ishtirokchilarining fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.

Koreya sanoat texnologiyalari instituti hamda ODA dasturining O‘zbekistondagi vakili Kim Bum Sung: Seminar har ikki tomon uchun ham juda foydali bo‘ldi. Seminar davomida o‘zaro hamkorlikda erishilgan bir qator loyihalarimiz e'tirof etildi. Bunda albatta kombinat olimlari va mutaxassislari menda ijobiy taassurot qoldirishdi. Ular o‘zlariga yuklatilgan vazifalarga sidqidildan yondashishadi. Ularning erishayotgan natijalaridan ham fikrlarimni yorqin isbotini ko‘rishimiz mumkin. Seminar har ikki tomon uchun ham juda foydali bo‘ldi.

O‘quv markazi rahbari Doniyor Karimov: -Ushbu seminar doirasida koreyalik olimlar kombinatning O‘quv markazi bilan hamkorlikda yosh olim va muhandislar uchun maxsus o‘quv seminari va master klasslar o‘tkazishdi. Talabalar tomonidan stend hisobotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.  2024-yilda 10 nafar kombinatning  yosh mutaxassislari Koreyada stajirovka o‘tashi rejalashtirildi.

O‘zbek-Koreys nodir metallar dasturining koordinatori Amir Obidov: - Seminarning asosiy maqsadi Nodir metallar va mis sanoati bo‘yicha O‘zbekiston va Koreya  olimlari o‘rtasida innovasion va ilmiy ishlanmalarning, kelajakda qo‘llaniladigan texnologiyalarning joriy etish bo‘yicha muhokama etishdan iborat bo‘ldi.

Seminarning 1-kunida ilmiy texnologik markazimizning faoliyati koreyalik olimlar tomonidan yuqori baholandi. Chunki markazda innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqarishni joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatkich yuqori foizni ko‘rsatdi. 2023-yil sentyabr oyigacha 70dan ortiq tajribalar o‘tkazildi. Ko‘p ishlanmalarimiz ishlab chiqarishga joriy etildi. Masalan, chiqindilardan noan'anaviy usulda ferromolibden ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, qotishmalar, mis kompozitlari ishlab chiqarilmoqda. Innovatsion markazimizning tajriba boyitish fabrikasida yangi barpo etilayotgan 3-mis boytiish fabrikasi hamda qurilishi rejalashtirilgan 4-mis boyitish fabrikasining texnologiyalari bo‘yicha har xil tajribalar o‘tkazilib, qo‘llanmalar ishlab chiqildi. Texnogen chiqindilardan avval faqat volfram olingan bo‘lsa, hozirda temir kukunlar, kobalt ajratib olinmoqda. Yana bir e'tiborli jihati Ingichka boyitish fabrikasida esa volfram chiqindilaridan 55%li volfram konsentrati olinishiga erishildi. Bu ham bizning yutuqlarimiz. Hozirda Texnogen chiqindilardan, kislotali suvlardan foydali elementlar ajratib olish ustida ish olib borilmoqda.

Seminarda Dr. Kyung Tae KANGning “Displeylar ishlab chiqarishda nodir metallarni qo‘llash” mavzusidagi taqdimotida noyob metallarni displeylarga qo‘llash texnologiyasini olsak, bu  hozirda dolzarb texnologiya. Kombinatda ishlab chiqarilayotgan nodir va noyob metallar – molibden, indiy, selen ham shu texnologiya asosida displeylarga qo‘llanilayotgan bo‘lishi mumkin. 

Birlashma direktorining o‘rinbosari Ulugʻbek Roʻziyev: - Yangi barpo etilgan tajriba  volfram va molibden gidrometallurgik sexi koreyalik olimlarda qattiq qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, yarim o‘tkazgich sanoati uchun yuqori sof volfram va molibdenni ajratib olishda pilot texnologiyalarni qo‘llash uchun muhimligi ekanligini aytishdi. Shuningdek, ushbu sexni ODA dasturi doirasida ilmiy izlanishlarni kengaytirish uchun katta rol o‘ynashi ta'kidlandi.

Xabaringiz bor, 2022-yilning 25-dekabr kuni Koreya Milliy Assambleyasi tomonidan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga ODA dasturiga ko‘ra, 15 mlrd von(12 mln AQSh dollari atrofida) miqdoridagi grant ajratilishi bo‘yicha qaror qabul qilingan edi. Seminar doirasida ODA dasturi qo‘shma qo‘mitasining yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi. Unda dasturda belgilangan yo‘nalishlar, ishlanmalarning tijoratlashtirish, aniqlangan yo‘nalish va uskunalarni tasdiqlash bo‘yicha bayonnoma imzolandi. Unda 2023-yilning oxirigacha O‘zbek-Koreys ilmiy texnologik markazining tajriba sexiga taxminan 750 000 AQSh dollarlik uskunalar o‘rnatiladi.

Dasturda nodir metallarni – volfram, molibden, tellur, selen, reniy, osmiyni qayta ishlab, yarim o‘tkazgich sanoati uchun sof holda ajratib olish, qattiq qotishmali uskunalarga qattiq baryer qoplamalarni qoplash, yarimo‘tkazgich sanoati uchun kislorodsiz mis mahsulotini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish  ham o‘rin olgan.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech