Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

FIFA standartidagi yangi maydonlar — akademiya futbolchilari uchun munosib tuhfa!

07 Iyul 2026, 13:9 246

Bugungi kunda futbol millionlar emas, balki milliardlar o‘yiniga aylanib ulgurdi. Davlat rahbari tomonidan yurtimizda futbolni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasida turli yosh toifasidagi terma jamoalarimiz dunyo yashil maydonlarida o‘tkazilayotgan nufuzli musobaqalarda qatnashib, O‘zbekiston nomini jahonga tanitmoqda. Xususan, mamlakatimiz milliy terma jamoasi ham mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritib, tarix yaratdi. Natijada dunyoning top-klublari yurtimiz futbolchilariga jiddiy e’tibor qarata boshlashdi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyati tomonidan ham futbolni, ayniqsa, bolalar futbolini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. OKMK FK akademiyasi tarbiyalanuvchilari uchun yildan-yilga barcha sharoitlar yaratib kelinmoqda. Bugungi kunda akademiya ixtiyorida 3ta standart (1ta sun’iy qoplamali, 2ta tabiiy chimli) va 2ta kichik o‘lchamli (sun’iy qoplamali) maydon bor. Endi ularning soni yana 3ta standart maydonga oshadi.

OKMK FK bosh direktori Bahodir Mirzayevning ma’lum qilishicha, ayni kunlarda “Metallurg” stadionida keng qamrovli rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Xalq tilida “eski stadion” deb nomlanuvchi majmua o‘rnida FIFA standartlariga mos, o‘lchami 105x68 metr bo‘lgan 2 ta tabiiy chimli hamda 1 ta sun’iy qoplamali zamonaviy maydon qad rostlaydi.

Mazkur maydonlarning ikki tomonida ota-onalar uchun 400 o‘rinli kichik tribuna quriladi. Bundan tashqari, maydonning yuqori qismida ota-onalar farzandlarining mashg‘ulotlarini bevosita kuzatib turishlari uchun alohida maydoncha barpo etiladi. Hududda bolajonlarning kiyim almashtirish va yuvinish xonalari ham bunyod etilishi ko‘zda tutilgan.

Hozirda pudratchi qurilish tashkiloti tomonidan maydonlarga chim yotqizish ishlari olib borilmoqda. Bundan avval esa chim ostiga 1 metrga yaqin maxsus qoplamalar o‘rnatilib, zamonaviy drenaj va sug‘orish tizimlari joylashtirildi. Ushbu tizimlar sinovdan o‘tkazilib, foydalanishga tayyor holatga keltirildi. Maydondagi 20 metr balandlikdagi machtalarga zamonaviy yoritish tizimlari ham o‘rnatiladi. Qurilish ishlari joriy yilning fevral oyida boshlangan bo‘lib, yaqin oylarda yakunlanishi rejalashtirilgan.

OKMK rahbariyati tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday yuksak e’tibor natijasida OKMK FK akademiyasining turli yosh toifasidagi jamoalari ko‘plab musobaqalarda g‘alabalarni qo‘lga kiritmoqda. Akademiyaning bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish dasturi rahbari Denis Xomutov boshchiligidagi jamoalar 2026-yilning o‘tgan davri mobaynida bir qator muvaffaqiyatlarga erishishdi. Jumladan, akademiyaning U-13, U-14, U-15 hamda U-16 jamoalari O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) futbol akademiyalari o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida sovrinli o‘rinlarni egallashdi.

Yangi barpo etilayotgan futbol maydonlari akademiya tarbiyalanuvchilarining kelgusida yangidan-yangi marralarni zabt etishlarida muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech