• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Prezident qimmatbaho metallar va toshlar to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

03 Sentyabr 2021, 14:27 2016

Prezident “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Hujjat xususiy sektorga qimmatbaho metallar aylanmasi sohasida ochiq ishlash imkoniyatini beradi va bu sohada yashirin iqtisodiyotning oldini olishga xizmat qilishi kerak.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 avgust kuni “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi, deya xabar bermoqda “Huquqiy axborot” Telegram-kanali. Hujjat Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 27 aprelda qabul qilingan va Senat tomonidan 29 mayda ma’qullangan. Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Qonun haqida Senat matbuot xizmati may oyida xabar bergan edi. Qonun mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. Bu esa sohada xufiyona iqtisodiyotning oldini olishda ham muhim omil bo‘ladi. Qolaversa, ushbu hujjat zargarlik buyumlari asillik darajasini belgilash va tamg‘alash tizimini, shuningdek, ularning sifatini nazorat qilish tartib-taomillarini davlat-xususiy sheriklik mexanizmini qo‘llagan holda takomillashtirishga ham yo‘naltirilgan. Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlarning asillik darajasini aniqlash va tamg‘alash masalalari ham qonunda batafsil o‘z ifodasini topgan. Shuningdek, qonun xususiy sektorning qimmatbaho metallar aylanmasida o‘z faoliyatini ochiq, shaffof olib borishiga imkoniyat yaratadi.

Qonunga ko‘ra, tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bo‘lgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi jismoniy hamda yuridik shaxslarda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan beriladigan tegishli ruxsatnoma olgan paytdan yuzaga keladi.

Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi tugaganidan keyin ularni rekultivatsiya qilish hamda kelgusida foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish yuzasidan choralar ko‘rish shart.

Tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bo‘lgan yer qa’ri uchastkalari O‘zbekiston mulkidir, ulardan oqilona foydalanish lozim va ular davlat muhofazasidadir.

Qonunga ko‘ra, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni oltin izlovchilar usulida qazib olish bu bo‘yicha tegishli ruxsatnoma olgan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.

Ruxsatnoma elektron auksion natijalaridan kelib chiqib O‘zbekiston fuqarolariga va O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslarga Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan beriladi.

Qazib olingan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni yashirish ushbu faoliyatni amalga oshirish uchun yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini tugatish uchun asos bo‘ladi.

Shuningdek, qimmatbaho metallarni affinaj qilish bo‘yicha faoliyat affinaj korxonalari tomonidan beriladigan litsenziya asosida amalga oshiriladi.

Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlarini yasash bo‘yicha faoliyat xabardor qilish tartibi asosida amalga oshiriladi.

Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar qazib olinayotganda, ishlab chiqarilayotganda, ulardan foydalanilayotganda hamda ular realizatsiya qilinayotganda hisobga olinishi shart.

2020 yilning oktyabr oyida senatorlar qonunning ayrim moddalari talablarga mos kelmasligi sababli rad etishgan edi.

2018 yili noyabr oyida prezident 2019 yil 1 martdan boshlab qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi.

Bo`lishmoq:
Text to speech