Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Ochiqlik indeksi – 2025”da OKMK faoliyati yuqori baholandi

13 Aprel 2026, 13:55 120

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2025-yil yakuniga ko‘ra davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik darajasini baholash natijalari doirasida vazirliklar kesimidagi reytingni e’lon qildi.

Reytingga ko‘ra, jami 97 ta vazirlik, idora, muassasa va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati baholandi. Baholash 84 ta mezonni o‘z ichiga olgan 8 ta indikator asosida amalga oshirildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 66 ta davlat organi “yashil”, 22 tasi “sariq” va 9 tasi “qizil” toifaga kiritildi. 2022-yildagi ilk natijalar bilan solishtirilganda, “yashil” toifadagi tashkilotlar soni 3,5 barobarga oshgan. Shu bilan birga, “sariq” toifadagilar 2 barobarga, “qizil” toifadagilar esa 3 barobarga kamaygan.

E’tiborlisi, ochiqlik bo‘yicha eng yuqori samaradorlik ko‘rsatkichini qayd etgan yashil toifadagi tashkilotlar orasida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ 93,3 ball bilan yuqori o‘rinni band etdi.

2024-yil yakuni bo‘yicha ham “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ 91,8 ball bilan yuqori o‘rinni egallagandi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur reyting davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni oshirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda hisobdorlikni ta’minlashga qaratilgan “Ochiqlik indeksi” baholash tizimi doirasida shakllantirilgan.

2025-yil yakunlari bo‘yicha aksiyadorlik jamiyatlari kesimida jami 20 ta tashkilot baholanib, 13 tasi “yashil”, 5 tasi “sariq” va 2 tasi “qizil” toifaga kiritildi.

Ma’lumot uchun PF-154-son Prezident Farmoniga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning samaradorligi va natijadorligi 2022-yildan boshlab har yili "Ochiqlik indeksi" asosida baholab kelinmoqda.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech