"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ishchi-xodimlari o‘rtasida huquqiy ong va madaniyatni rivojlantirish, sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash hamda qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida may-iyun oylarida keng qamrovli “Dolzarb 30 kunlik” umumiy profilaktika tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur tadbirlar kombinatning 39 ta tarkibiy bo‘linmasini qamrab oldi. Ularda OKMK boshqaruv raisining xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari Doniyor Kayumov, DXX Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Olmaliq shahridagi vakili – shahar hokimining diniy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Jamshid Pardayev, OKMK Maxfiy tartibot bo‘limi boshlig‘i Davronbek Xamzayev, kombinatning mas’ullari hamda Toshkent viloyati IIBB OKMKdagi IIB xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirlar davomida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha muhim ma’lumotlar berildi:
- “Diniy ekstremizm, terrorizm va radikalizmga qarshi kurash”;
- “Kiberxavfsizlik va ijtimoiy tarmoqlardan to‘g‘ri foydalanish”;
- “Huquqiy savodxonlik, jinoyatchilik profilaktikasi va ichki tartib-qoidalarga amal qilish”.
Uchrashuvlarda turli aldovlarga ishonib, qiyin vaziyatlarga tushib qolganlarning ayanchli qismati haqidagi hayotiy misollar keltirildi va maxsus videofilmlar namoyish etildi. Bu esa barchani yana bir bor ogohlikka chorladi.
So‘zga chiqqan mutaxassislar diniy ekstremizm va radikal qarashlarning asl maqsadlarini ochib berishdi. Global tahdidlar kuchaygan bugungi davrda yurtimizdagi osoyishtalikni asrash, bag‘rikenglik va millatlararo hamjihatlikni mustahkamlash har bir fuqaroning muqaddas burchi ekanligi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvlar markazida, shuningdek, yoshlar masalasi turdi. Navqiron avlod vakillari turli soxta va’da va virtual tuzoqlardan ogoh bo‘lishga, milliy qadriyat hamda an’analarimizga sodiq qolishga chaqirildi. Bugungi yoshlarning bosh maqsadi — sifatli bilim olish, halol mehnat qilish, mamlakatdagi yangilanishlar jarayonida faol ishtirok etish va o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lishdan iboratdir.
Texnologiyalar rivojlangan hozirgi davrda firibgarlikning zamonaviy usullari, xususan, kiberjinoyatchilik xavfi ortib borayotgani barchadan yuqori hushyorlikni talab etmoqda. Shunga ko‘ra, soha mutaxassislari xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan quyidagi muhim tavsiyalarni ilgari surishdi:
- Bank plastik kartalari ma’lumotlari va SMS-maxfiy kodlarini hech bir holatda begona shaxslarga oshkor qilmaslik;
- Virtual olamdagi yolg‘on xabarlarga aldanmaslik va shubhali havolalarga (linklarga) kirmaslik;
- Onlayn o‘yinlar ortiga yashiringan xavf-xatarlardan doimo ogoh bo‘lish.
Muloqotlar davomida huquq-tartibot idoralari vakillari kombinat tarkibiy bo‘linmalarida avval sodir etilgan huquqbuzarliklarga to‘xtalib, har qanday jinoyat uchun jazo muqarrar ekanligini qat’iy eslatib o‘tishdi.
Shuningdek, har bir ishchi-xodimdan korxonaning ichki tartib-qoidalariga so‘zsiz rioya qilish, internet makonida esa shaxsiy mas’uliyat va ehtiyotkorlikni unutmaslik talab etilishi alohida qayd etildi.
Bu kabi keng qamrovli profilaktika tadbirlari ishchi-xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qiladi. Ular nafaqat virtual makondagi tahdidlarga, balki kundalik hayotdagi turli yot g‘oyalarga qarshi mustahkam mafkuraviy immunitetni shakllantiradi.
Axborot xizmati