Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Oilamiz — kelajagimiz

05 May 2026, 10:7 85

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, may oyi davomida “Oilamiz — kelajagimiz” oyligi o‘tkazilishi belgilandi. 15-may — Xalqaro oila kuni munosabati bilan tashkil etilgan oylik doirasida yurtimizda oila institutini mustahkamlash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda yoshlarni mas’uliyatli oilaviy hayotga tayyorlashga qaratilgan keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkaziladi. Xususan, barcha mahallalar, mehnat jamoalari, korxona va tashkilotlarda ma’naviy-ma’rifiy hamda ijtimoiy loyihalar, targ‘ibot tadbirlari, davra suhbatlari o‘tkazilishi belgilangan. Ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan holda, OKMK rahbariyati tomonidan maxsus chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Dastur doirasida kombinatning barcha tarkibiy bo‘linmalarida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Ana shunday tadbirlar “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti, Texnik xavfsizlik tizimlari xizmati, Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi, Issiqlik elektr markazi, Moddiy-texnik ta’minoti boshqarmasi, Avtomobil transporti boshqarmasi kabi tarkibiy bo‘linmalarda bo‘lib o‘tdi. Tadbirlarda Olmaliq shahar IIB mas’ullari, OKMK Komplayens bo‘limi mas’ul xodimi, Xotin-qizlar va gender tenglik bo‘yicha maslahat kengashi raisi o‘rinbosari Gulnoza Sabriyeva ishtirok etishdi.

Mazkur tadbirlarga nafaqat xotin-qizlar, balki erkak xodimlar ham jalb etilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — jamoalarda sog‘lom ijtimoiy muhitni ta’minlash va oilalarni mustahkamlashda erkaklarning mas’uliyatini oshirishdan iborat. Targ‘ibot tadbirlarida xotin-qizlar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha qabul qilingan Prezident farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tushuntirish ishlari olib borildi. Unda oiladagi maishiy zo‘ravonlik va nizoli holatlarning oldini olish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, mas’ullar hozirda ko‘plab uchrayotgan onlayn firibgarliklar ham oilaviy janjallarga sabab bo‘layotgani, bunday holatlarning oldini olish uchun telefonlarni begonalarga ishonib bermaslik lozimligini ta’kidlashdi. Tadbirlarga malakali psixologlar ham jalb etilgan bo‘lib, ular tomonidan ishchi-xodimlarning ruhiy salomatligini mustahkamlash va ish samaradorligini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, jamoalardagi ijtimoiy-ruhiy muhitni o‘rganish maqsadida maxsus testlar va so‘rovnomalar o‘tkazilmoqda. Xodimlarga ish va oiladagi stressli vaziyatlarni boshqarish, nizoli holatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish bo‘yicha amaliy treninglar tashkil etilmoqda. Oilaviy sharoitida qiyinchilikka duch kelgan yoki ruhiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan ishchi-xodimlar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga zarur psixologik yordam ko‘rsatilmoqda.

Bundan tashqari, tadbirlar doirasida “Uch avlod uchrashuvi” ham tashkil etildi. Unda yoshlar, soha ustalari va ko‘p yillik tajribaga ega mehnat faxriylari dildan suhbat qurishdi. 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘tkazilgan davra suhbatlarida yurt tinchligi yo‘lida xizmat qilgan faxriylarning jasorati va bugungi tinch kunlarning qadri e’tirof etildi. Bu kabi tadbirlar tizimli ravishda bardavomlik kasb etadi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech