• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK 2 ta xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi

20 Iyun 2023, 8:40 3052

Joriy yilning 19-iyun kuni  “Cert International” xalqaro sertifikatlash tashkiloti tomonidan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga 2ta xalqaro sertifikat topshirildi.

Jumladan, xalqaro standart - ISO 14001:2015 ekologik menejment tizimiga hamda Sog‘liqni muhofaza qilish va xavfsiz mehnatni ta'minlash menejment tizimi -  ISO 45001:2018 xalqaro standartiga xalqaro sertifikat berildi.

Sertifikatlarni xalqaro sertifikalash agentligi “Cert International” MChJ direktori Marat Xabibulin OKMK boshqaruvi raisi Abdulla Xursanovga taqdim etdi.

Xalqaro standart ekologik menejment tizimi talablarini Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida joriy etish maqsadida hamda “KPMG” xalqaro konsalting kompaniyasining kombinatni transformatsiya qilish, aksiyalarini jahon bozoriga joylashtirish, IPO darajasiga tayyorligini baholash bo‘yicha tavsiyalari va Yo‘l xaritasiga asosan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-avgustdagi №474-sonli “Kon-metallurgiya sanoati sohasida ekologik talablarini va atrof-muhit muhofazasi me'yorlarini xalqaro standartlar asosida belgilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida 22 ta xalqaro ISO standartlari (metodik qo‘llanmalar) davlat tiliga tarjima qilindi, tegishli tartibda (Oʻz DSt ISO) O‘zbekiston Respublikasining Davlat  standartlari shaklida O‘zstandart agentligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazildi va amalga kiritildi.

“ARK System Lab” MChJ malakali mutaxassislari jalb etilib xalqaro standart ISO 14001:2015 ekologik menedjment tizimi talablari asosida barcha talab etilgan hujjatlar ishlab chiqilib, ishlab chiqarishga joriy etildi. Soha hamda muhandis texnik xodimlar uchun kombinat o‘quv markazida 2022-yil 5-13 sentyabr kunlari o‘quv treninglari tashkil etildi.

Bundan  tashqari, O‘quv markazida “Cert academy” xalqaro trening kompaniyasi jalb etilib korxonalardagi 24 nafar mas'ul soha mutaxassislari ekologik menejment tizimi bo‘yicha o‘qitilib tegishli sertifikatlar olindi. 

2023-yil 15-19 may kunlari kombinatda ISO 14001:2015 talablari asosida joriy etilgan tizim “Cert International” xalqaro sertifikatlash tashkiloti tomonidan tashqi audit o‘tkazilib, audit natijalariga ko‘ra sertifikat berishga qaror qilindi.

Shuningdek, “Olmaliq KMK” AJning 2021-yil 1-iyundagi 723-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Kombinatni transformatsiya qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” doirasida kombinatda ISO 45001:2018 xalqaro standartiga asoslangan Sog‘liqni muhofaza qilish va xavfsiz mehnatni ta'minlash menejment tizimini joriy etish belgilab qo‘yilgan. Mazkur chora-tadbirlar ijrosini ta'minlash maqsadida ham kombinatda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, Kombinatning 2021-yil 7-dekabrdagi 1530-son buyrug‘i bilan “Sog‘liqni muhofaza qilish va xavfsiz mehnatni ta'minlash sohasidagi Siyosati” davlat, rus va ingliz tillarida ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi va Kombinatning rasmiy veb-saytiga elektron shaklda joylashtirildi.

Kombinatga ISO 45001:2018 xalqaro standartini tatbiq etish, mazkur sohadagi hujjatlarni ishlab chiqish va xodimlarni o‘qitish maqsadida “Global Management Consult” MChJ konsalting tashkiloti jalb etilib, ular bilan hamkorlikda Sog‘liqni muhofaza qilish va xavfsiz mehnatni ta'minlash menejment tizimi sohasidagi hujjatlar ishlab chiqildi.

Kombinatning 2022-yil 11-fevraldagi 153-son buyrug‘iga asosan Kombinat tarkibiy bo‘linmalarida xatarlarni aniqlash, baholash va boshqarish usullarini joriy etish bo‘yicha ishchi guruhlar tuzildi.  Ishchi guruhlar tomonidan xavflarni aniqlash, xatar va imkoniyatlarni baholash, boshqarish uslubiyotiga muvofiq tarkibiy bo‘linmalarda xavf va xatarlar aniqlandi.

Kombinatning 2022-yil 7-apreldagi 383-son buyrug‘iga asosan ISO 45001:2018 xalqaro standartiga muvofiq Sog‘liqni muhofaza qilish va xavfsiz mehnatni ta'minlash menejmenti tizimi amaliyotga tatbiq etildi.

O‘quv markazida “Cert management” xalqaro trening kompaniyasi bilan hamkorlikda ISO 45001:2018 xalqaro standarti kursi bo‘yicha 120 nafar, “Ichki auditor” kursi bo‘yicha esa 40 nafar xodim o‘qitildi va tegishli sertifikatlar topshirildi.

Kombinatda tatbiq etilgan Sog‘liqni muhofaza qilish va xavfsiz mehnatni ta'minlash menejment tizimi faoliyatining xolisligi va samaradorliligi ta'minlanishi yuzasidan Kombinat rahbariyati tomonidan tahlil o‘tkazilib, tegishli hisobot shakllantirildi.

Kombinatda ISO 45001:2018 xalqaro standartiga asoslangan Sog‘liqni muhofaza qilish va xavfsiz mehnatni ta'minlash menejment tizimini tatbiq etish bo‘yicha amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlarni baholash maqsadida mustaqil tashkilot – “Cert International” MChJ jalb etildi. 2023-yil 15-19 may kunlari ushbu tashkilotning xalqaro auditorlari tomonidan Kombinatdagi Sog‘liqni muhofaza qilish va xavfsiz mehnatni ta'minlash menejment tizimini ISO 45001:2018 xalqaro standartiga muvofiqligi yuzasidan xalqaro sertifikatlash auditi o‘tkazildi va audit yakunlari bo‘yicha xalqaro sertifikat taqdim etilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Xalqaro maydonda e'tirof etilishi kombinat mehnat jamoasi zimmasiga yanada ulkan mas'uliyat yuklaydi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech