"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Ma'lumki, Prezidentimizning 2024-yil 4-dekabrdagi “Jamoaviy sport turlarini rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Jamoaviy sport turlari bilan muntazam shug‘ullanishni tashkil qilish hamda ushbu sport turlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan. Yo‘l xaritasida korxona-tashkilotlarda xodimlar o‘rtasida jamoaviy sport turlari bo‘yicha “Rahbar kubogi” musobaqasini tashkil etish belgilangan. Mazkur qaror ijrosini ta'minlash maqsadida hamda 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan kombinatda mehnat qilayotgan yoshlar o‘rtasida sportning mini futbol turi bo‘yicha “Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi kubogi uchun musobaqa tashkil etildi.
Musobaqada jami bo‘lib 29 jamoa ikkita ligaga bo‘lingan holda bahs olib borishdi.
Jumladan, 1-liga bahslarida yuqori natijalarni qayd etgan holda finalga yetib kelgan Qalmoqqir kon boshqarmasi hamda Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati jamoalari o‘rtasidagi yakuniy uchrashuv shiddatli bahslarga boy bo‘ldi. O‘yinning asosiy vaqtida hisob ochilmadi. Penaltilar seriyasida esa kombinat posbonlari zafar quchishdi va kubokni qo‘lga kiritishdi.
2-liga bahslarining finalida Markaziy apparat va Portlatish materiallari zavodi jamoalari ro‘baro‘ kelishdi. Uchrashuvda Markaziy apparat jamoasi to‘liq ustunlik bilan 4-1 hisobida g‘alaba qozonib, kubok sohibiga aylandi.
Musobaqa g‘oliblarini taqdirlash marosimida so‘z olgan “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruv raisi Abdulla Xursanov, yurtimizda, shu jumladan kombinatda ham ommaviy sport turlarini rivojlantirish bo‘yicha samarali va tizimli ishlar amalga oshirilayotganini, mazkur musobaqa ham kombinat yoshlarining shijoatini, sportga bo‘lgan qiziqishlari yuqori ekanligini ta'kidlab, o‘zining samimiy tilaklarini bildirib o‘tdi.
1-liga jamoalari o‘rtasidagi bahslarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati jamoasiga tantanali ravishda OKMK boshqaruv raisi kubogi topshirildi.
Shuningdek, ushbu guruhda Salim Mamajonov(IHQX) - “Eng yaxshi darvozabon”, Ozod Omonov(Qalmoqqir KB) - Eng yaxshi himoyachi”, Fozil O‘rinboyev(Ixtisoslashtirilgan ta'mirlash ishlari boshqarmasi) - “Eng yaxshi hujumchi” deya topildi.
Musobaqada 2-liga g‘olibi bo‘lgan Markaziy apparat jamoasi a'zolariga oltin medal va kubok tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, 2-liga jamoalari o‘rtasida “Eng yaxshi darvozabon” nominatsiyasiga Doniyor Qurbonboyev(Markaziy apparat) loyiq ko‘rildi. “Eng yaxshi hujumchi” Oybek Qurbonboyev(Loyiha ishlari boshqarmasi), “Eng yaxshi himoyachi” -Elyor Shaxanov(Portlatish materiallari zavodi) bo‘ldi.
Bundan tashqari, tadbirda may oyida o‘tkazilgan futzal bo‘yicha Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri kubogi musobaqasida ikkinchi o‘rinni egallagan OKMK jamoasi a'zolari ham taqdirlanishdi.
OKMK Axborot xizmati