"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Mamlakatimizda har yili avgust oyining ikkinchi yakshanbasi Qurilish sohasi xodimlari kuni sifatida keng nishonlanib kelinadi. Ushbu sana munosabati bilan shahrimizdagi “Go‘zal” tantanalar majmuasida kombinat quruvchilari uchun bayram tadbiri tashkil etildi.
To‘kin dasturxon atrofida jam bo‘lgan soha faxriylari va ishchi-xodimlarni “Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sa’di Shermatov samimiy muborakbod etdi. U o‘z so‘zida kombinatning iqtisodiy qudrati va rivojlanishida zahmatkash quruvchilarning mashaqqatli va sharafli mehnati poydevor bo‘lib xizmat qilayotganini alohida e’tirof etdi.
OKMK boshqaruv raisining tegishli buyrug‘iga asosan, uzoq yillik halol va fidokorona mehnati bilan barchaga o‘rnak bo‘layotgan bir guruh soha vakillari munosib rag‘batlantirildi. Jumladan, 5 nafar ilg‘or xodim uchinchi darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni bilan, 10 nafari esa kombinatning Faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi. Shuningdek, tarmoq rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan 20 nafar ishchi-xodimga kombinat xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
“Metallurg” madaniyat saroyining xushovoz xonandalari va ijodiy jamoalari tomonidan mahorat bilan tayyorlangan rang-barang konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat va unutilmas lahzalarni ulashdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, bugungi kunda kombinat tarkibida qurilish va bunyodkorlik yo‘nalishiga ixtisoslashgan “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti, Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi, Loyiha ishlari boshqarmasi hamda Kapital qurilish boshqarmasi kabi yirik bo‘linmalar faoliyat yuritib kelmoqda.
OKMK bunyodkorlarining yuksak professionalizmi va fidoiyligi evaziga qisqa muddatlarda yuqori texnologik Kovuldi oltin saralash fabrikasi muvaffaqiyatli barpo etildi. Hozirgi kunda kombinat bunyodkorlari Rux zavodidagi yangi sulfat kislotasi sexi qurilishida hamda 2-Mis boyitish fabrikasida qad rostlayotgan yangi, zamonaviy boyitish majmuasi qurilishida yuqori shijoat bilan ishtirok etmoqda. Sanoat obyektlaridan tashqari, kombinat quruvchilari tomonidan Zomin tog‘larining so‘lim go‘shasida zamonaviy dam olish maskani hamda Angren shahrida “Dukent” sport va madaniyat saroyi butunlay yangi qiyofada bunyod etildi.
Axborot xizmati