Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Dalalarda moʻl hosil

18 Iyun 2025, 8:31 875

Iste’mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasiga qarashli qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan yer maydonlari bugun moʻl hosilga kirib bormoqda. Boshqarmaning qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va yem-xashak tayyorlash uchastkasi mehnatkashlarining sa’yi-harakati bilan joriy yilda 229,2 gektar maydonda bugʻdoy, 86 gektar yer maydonida makka doni, 176 gektar yer maydonida makka silosi, 110 gektar maydonda tritikali, 116 gektarda beda ekilib, hozirda moʻl-hosil yigʻishtirib olinmoqda.

Kuni-kecha xalqimizga xos qadriyat sifatida xayrli ishlar oldidan mirishkorlar boshqarmada ishlab ketgan faxriylar, ishchi-xodimlar va nuroniylarni toʻkin dasturxonga taklif etdi. Duoga ochilgan qoʻllar yurtga tinchlik-xotirjamlik, elga farovonlik, dasturxonlarimizga toʻkinlik tiladi.

Kombinat gʻallakorlari bu yil 185,7 gektar suvli yerga va 43,5 gektar lalmi yerga bugʻdoy urugʻini qadashgan. Bugun chayqalib turgan boshoqlari toʻliq mana bu bugʻdoyzorlarda  kombayn va tashish texnikalari taxt qilingan. Oʻrim-yigʻim avj pallaga chiqqan.

Suvli yerlardan gektariga 55 sentnerdan, lalmi yerdan 25 sentnerdan hosil olishni rejalashtirgan gʻallakorlarimiz kombinat sut-tovar fermasidagi 1256 bosh  koramollar uchun ham yem-xashakni gʻamlab beradi.

55 gektardan ziyod maydonda kombinat bogʻbonlari tomonidan olxoʻri, olma, shaftoli, nok kabi mevalar parvarishlanib, yetishtirilmoqda. Hademay, bu mevalar kombinat bolalar bogʻchalariga, oromgoh va doʻkonlariga yetkazib beriladi.

Shuningdek, “Yashil makon” umumilliy loyihasi doirasida 140 ming dona terak koʻchatlari, 2 gektar yer maydonida 4 ming dona turli xil uzum koʻchatlari yetishtirilmoqda.

Bir yilda toʻrt marta moʻl hosil beradigan zaminimizdan unumli foydalanadigan kombinat bobodehqonlari ekin-tikindan boʻshagan yerlarga takroriy ekin ekish hadisini olishgan. Ular joriy mavsumda kombinat ishchi-xodimlari uchun sabzi, oshqovoq, pomidor, bodring, mosh hamda koʻkatlar ekishni koʻzda tutishgan.

Kombinat eksport salohiyatiga oʻz ulushini qoʻshish istagida boʻlgan dehqonlarimiz qovun va tarvuzning eng sara navlarini yetishtirishga kirishganlar.

Muxtasar aytganda, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati nafaqat konchilik va metallurgiya sanoati rivojida, balki mamlakat oziq-ovqat dasturi ijrosi yoʻlida ham munosib ulush qoʻshib kelmoqda.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech