• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK Frayberg konchilik akademiyasi bilan hamkorlik o‘rnatdi

17 Noyabr 2022, 13:18 1184

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida bir necha yillardan buyon qator xorij davlatlarining oliygohlari bilan hamkorlik qilib keladi.

Shunday hamkorlik aloqalari doirasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga Germaniya davlatining Frayberg texnika universiteti Konchilik akademiyasi rektori K.D. Barbknext va Drezden shahri xususiy universiteti prezidenti X.Myuller-Shtaynxagenlar tashrif buyurishdi.

Tashrif davomida OKMK rahbariyati va Germaniyalik mehmonlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.

Shuningdek, mehmonlarga kombinatda transformatsiya jarayoni, raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma'lumotlar berildi.

Delegatsiya vakillari Qalmoqqir, “Yoshlik-1” konlari, yangi barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasi, Mis boyitish fabrikasi, Mis eritish zavodi, Markaziy ta'mirlash mexanika zavodi, Nodir metallar va qattiq qotishmalar ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi faoliyatlari bilan ham yaqindan tanishishdi.

Tashrif yakunida OKMK va Frayberg texnika universiteti Konchilik akademiyasi o‘rtasida kombinatga malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha memorandum imzolandi.

Tashrif va muzokaralar davomida qator kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, Frayberg akademiyasining 60 ta yo‘nalish bo‘yicha ta'lim dasturlari (bakalavriat, magistratura, doktorantura) asosida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, Frayberg akademiyasi bakalavr yo‘nalishida tahsil olish uchun taklif etilgan nomzodlar tayyorlash kurslarini (nemis tili, matematika, fizika) beg‘araz asosda O‘zbekistonda tashkil etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda istiqbolli mutaxassislarni qisqa va uzoq muddatli o‘quv kurslarida o‘qitish. O‘zbekistondan borgan Frayberg akademiyasi bitiruvchilarini tajriba orttirishlari uchun Germaniya korxonalarida 5 yilga ishga joylashtirishni o‘z zimmalariga olish, Kombinat ishlab chiqarish-texnologik jarayonlaridagi muammolar ilmiy-tadqiqotlariga universitetlarning professor-o‘qituvchilarini jalb qilish. Ularning ilmiy ishlanmalarini kombinat ishlab chiqarish jarayonlariga tadbiq etish.

Shuningdek, universitetlar qoshida mavjud bo‘lgan Suv resurslari menejmenti ilmiy markazlari salohiyatidan O‘zbekiston, shu jumladan kombinat sharoitida foydalanish, Frayberg akademiyasining yirik kon-transport texnikalari unumdorligini oshirishga oid dasturiy ta'minotini kombinatda tadbiq etish, kombinatda olinadigan noyob metallardan akademiya laboratoriyalarida ilmiy izlanishlar o‘tkazish, ilmiy loyihalarni ishlab chiqarishga joriy etishga, Konchilik sohasida Frayberg akademiyasining robototexnika yutuqlaridan keng foydalanish imkoniyatlarini ko‘rish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ma'lumot uchun: Frayberg konchilik akademiyasi 1739-yilda tashkil topgan bo‘lib, Germaniyaning eng nufuzli texnik oliygohlaridan biri hisoblanadi. 250 yillik tarixga ega Oliygoh konchilik va metallurgiya sohasining malakali mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha yetakchi sanaladi.

Mineralogiya, geologiya, metallurgiya, materiallarni o‘rganish, energetika va ekologiya kabi yo‘nalishlarda bu yerda tahsil olgan talabalar tomonidan sanoat sohasida o‘nlab kashfiyotlar yaratilgan. Jumladan, indiy va germaniy kimeviy elementlari ham aynan Frayberg konchilik akademiyasi tomonidan kashf qilingan. Hozirda esa akademiyada yarim o‘tkazgichlar bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari samarali olib borilmoqda. Muhimi, Frayberg konchilik akademiyasi o‘zini zamonaviy, ekotejamkor texnologiyalarni tatbiq etishi bilan hurmat qozongan.

E'tiborlisi, mazkur akademiyada o‘qish istagini bildirgan kombinat ishchi xodimlariga tavsiyanomalar berilmoqda. Dastlabki talabalar yaqin kunlarda Germaniyaning bu nufuzli oliygohida tahsil olishga jo‘natiladi.

- Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatilganidan behad xursandmiz. Bugun kombinat faoliyati bilan yaqindan tanishib, uning zaxiralari boyligi, istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotganini, korxonaning barqaror faoliyat yuritayotgani dalili ekanligini ko‘rdik, - deydi K.D. Barbknext. - Bizda tahsil olgan talabalar Germaniya sanoat korxonalarida va OKMKda amaliyot o‘tab, sanoat sohasini rivojlanishiga yanada katta hissa qo‘shishlariga ishonamiz.

O‘zbekiston bilan avvalroq hamkorlik aloqalarini o‘rnatmaginimizga afsusdamiz. O‘ylaymanki ushbu hamkorligimiz bardavomlik kasb etadi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech