Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“OKMK goʻzali-2026”

02 Mart 2026, 9:55 197

Mamlakatimizning yirik sanoat korxonalaridan biri sanalgan OKMK safida bugungi kunda 8 minga yaqin ayollar faoliyat yuritishadi. Ular orasida o‘z kasbining mohir ustalari, iqtidor va serqirra ijod sohibalari talaygina. Ana shunday har ishda faol bo‘lgan nozik jins vakilalarining istedodlarini namoyon qilish hamda munosib rag‘batlantirish maqsadida har yili an'anaviy tarzda kombinat xodimlari Kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan “OKMK go‘zali” ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinadi.

Kuni kecha “Metallurg” MSda ushbu tanlovning 2026-yilgi mavsumi saralashidan muvaffaqiyatli o‘tgan 5 nafar ishtirokchilar o‘rtasida final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tanlovda Kovuldi kon boshqarmasi moddiy ta’minot omborchisi Orzigul Madimarova, “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti yer osti ishlarini mustahkamlash va shamollatish uchastkasi chizmachisi Shahnoza Turg‘unova, Mis boyitish fabrikasi boshqaruv pulti operatori Iroda Qo‘ziboyeva, Sanoat temir yoʻl transport boshqarmasielektromontyori Madina Umurqulova hamda Markaziy taʻmirlash mexanika zavodi ish taqsimlovchisi Aziza Rahmatullayevalar 3 ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashishdi.

Dastlab “Milliylik” raqs shartida ishtirokchilar an’analarimizga xos joziba va latofatni mahorat bilan namoyon etdilar. Ularning sahnadagi chiqishlari tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

“Mening bir kunim” nomli videoroliklar shartida qatnashchilar o‘z kasbiy faoliyati, ish jarayoni hamda shaxsiy qiziqishlari haqida videolavhalar orqali atroflicha ma’lumotlar berdilar.

Uchinchi — “Oila muqaddas” shartida esa ayollar bugungi kundagi dolzarb ijtimoiy masalalarni sahna ko‘rinishlari orqali yoritib, oilada xotin-qizlarning o‘rni beqiyos o‘rni va qadri haqida chiqishlar namoyish etishdi.

Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, “Eng latofatli” nominatsiyasiga Shahnoza Turg‘unova, “Eng quvnoq” nominatsiyasiga Iroda Qo‘ziboyeva, “Eng ijodkor” nominatsiyasiga Orzigul Madimarova, “Eng mahoratli” nominatsiyasiga Madina Umurqulovalar loyiq, deb topildi.

“OKMK go‘zali-2026” ko‘rik-tanlovi g‘olibi, deya Aziza Rahmatullayeva e’tirof etildi.

Barcha ishtirokchilariga kombinat Kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech