Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligiga Olmaliq shahar aholisiga OKMK tomonidan yana bir ajoyib tuhfa taqdim etildi.
Joriy yilning may oyida OKMK homiyligida qurilishi boshlangan “Oydin” dehqon bozori hududidagi piyodalar yer osti yo‘lagi bugun foydalanishga topshirildi.
Ushbu ob'yektning tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov, Olmaliq shahar hokimi Qobil Hamdamov va nuroniylar shahrimiz obodligi yo‘lida olib borilayotgan ishlar bardavomlik kasb etishini, shahrimiz kundan-kun chiroy ochib borayotganini ta'kidlashib, barchani samimiy muborakbod etishdi.
Tadbirda qurilish ishlarida ishtirok etgan bir guruh kombinat ishchi-xodimlari qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi.
Ushbu yer osti yo‘lagining qurilishi tender g‘olibi bo‘lgan "Orion Prom Tex Servis" MChJ pudrat tashkiloti tomonidan amalga oshirilib, qurilish ishlariga jami bo‘lib 4 mlrd so‘mdan oshiq mablag‘ sarflandi.
Yerosti yo‘lagining uzunligi 34 metr, chuqurligi 4,5 metr, eni 4 metr, balandligi 2,5 metrni tashkil etib, kirish va chiqish qismiga jismoni imkoniyati cheklanganlar uchun panduslar o‘rnatilgan. Kirish-chiqish qismi 40 ta zinadan iborat bo‘lib, ushlab tushishga qulay bo‘lishi uchun perilalar qo‘yildi. Shuningdek, yo‘lak devorlari granit bilan pardozlandi. Yog‘ingarchilik kunlarida yo‘lakning kirish qismi quruq bo‘lishi uchun leksan bilan yopilib, suvlarning chiqib ketishi uchun har ikki tomonga drenaj tizimi o‘rnatildi. Yo‘lak xavfsiz bo‘lishi uchun 24 soat yorug‘lik tizimi bilan ta'minlanib, kelgusida kuzatuv kamerasi ham qo‘yilishi belgilangan.
"Oydin" dehqon bozori hududidagi tirbandliklarning oldini olish maqsadida qurilgan bu kabi yer osti yo‘lagi Toshkent viloyatidagi 7 ta shaharlar orasida yagona yo‘lak hisoblanadi.
OKMK Axborot xizmati