Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKdagi investitsiyaviy loyihalar: nazorat, sur’at, mas’uliyat

17 Iyun 2025, 8:43 1029

Joriy yilning 14 iyun kuni “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruv raisi Abdulla Xursanov kombinat mas’ullari hamda mutaxassislari bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari bilan tanishdi.

Abdulla Xursanov Rux zavodida barpo etilayotgan 6-sonli Sulfat kislotasi sexining qurilish ishlari bilan tanishar ekan, koʻzga tashlangan kamchiliklarni tezkorlik bilan bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga koʻrsatmalar berdi. 

Ma’lumot uchun, ushbu sexning qurilish, montaj ishlari “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti hamda Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi tomonidan olib borilmoqda.

Joriy yilda foydalanishga topshirilishi koʻzda tutilgan sexning ishga tushishi natijasida ekologiyaga oʻzining ijobiy ta’sirini koʻrsatadi. Yangi sex atmosferaga tashlanadigan tashlanma gazlarni ikki barobarga qisqartiradi. Yangi sex bilan birgalikda oʻz vazifasini bajara olmay qolgan rux metali va kislota ishlab chiqarish texnologiyasida muhim oʻrin tutuvchi gazlarni changdan tozalovchi GK-30 elektrofiltrlari oʻrniga zamonaviy, Daniyaning FLSmidh kompaniyasining filtrlari oʻrnatilmoqda.

OKMK mas’ullari shu kuni 3-Mis boyitish fabrikasi ham boʻlishib, fabrikaning bosqichma-bosqich ishga tushirish ishlarini tekshirishdi. Har bir sexga oʻrnatilgan texnologik uskunalarning holatiga e’tibor qaratishdi. Fabrikaning bosqichma-bosqich ishga tushirish ishlarini jadallashtirish boʻyicha mas’ullarga kechiktirib boʻlmas vazifalar topshirildi. Mega loyiha doirasida barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasini bosqichma-bosqich ishga tushirish jarayoniga har bir mas’ul vijdonan yondashish lozimligi uqtirildi.

Shu kuni kombinat rahbariyati “Kovuldi” va “Quyi-Kenjasoy” konlarida qazib olinadigan ma’danlarni qayta ishlashga moʻljallangan, yiliga 200 ming tonna xomashyodan qimmatbaho metallarni ajratib olish quvvatiga ega boʻlgan Kovuldi oltin saralash fabrikasining qurilishini ham koʻzdan kechirishdi. Qurilish jarayoni bilan tanishgan kombinat rahbariyati  tomonidan fabrikani belgilangan muddatda topshirish choralarini koʻrish hamda zarur texnologik uskunalarni vaqtida yetkazish lozimligi ta’kidlandi.

Toʻliq OKMKning oʻz kuchi va mutaxassislari tomonidan barpo etilayotgan ushbu fabrika ishga tushirilgach, kombinatning Angren va Chodakdagi fabrikalaridan keyingi uchinchi oltin saralash fabrikasi paydo boʻladi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech