Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Joriy yilning 6-7 dekabr kunlari “Vatanparvar” tashkilotining Respublika texnik va amaliy sport turlari markazida supermotokross bo‘yicha sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan sportchilar o‘zaro bellashdilar. Ahamiyatlisi turnirda Toshkent viloyati sharafini Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ijtimoiy obyektlar boshqarmasining texnik-sport klubi jamoasi himoya qildi.
Motokrosschilarimizning yutuqlari haqida jamoa bosh murabbiyi, ko‘p karra O‘zbekiston chempioni Andrey Sazonov shunday dedi: - 2024-yilgi mavsumni yakunlab beruvchi musobaqalar Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi. Turnir o‘tkazilishi kerak bo‘lgan trassa notekis yo‘llar va turli to‘siqlardan iborat bo‘lib, ishtirokchilar bu joylardan yuqori tezlikda balandlikka sakragan holda harakatlanishlari kerak edi. Bu esa ulardan ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan taktik tayyorgarlikni talab etadi. Shunday sharoitda bizning tajribali motokrosschilar muvaffaqiyatli ishtirok etishib, fahrli o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.
Ta’kidlash kerakki OKMK jamoasi ekstremal sport turi hisoblangan supermotokross turnirining barcha yo‘nalishlarida ishtirok etishdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 125 sm kub hajm dvigatelli mototsikllar sinfida 3-o‘rinni Ilnur Murodbekov egallagan bo‘lsa, ChZ sinfidagi mototsikllar musobaqasida Shevket Sulaymonov ham 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Dvigatel hajmi 500 sm kub bo‘lgan mototsikllarda eng nufuzli sinfda Emran Ablyazov 2-o‘ringa, Sergey Vinogradov esa uchinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.
Garchi mavsum rasman yakunlangan bo‘lsada, sportchilarimiz mashg'ulotlarni davom ettirmoqdalar, sababi ular 2025-yilning fevral oyida mamlakatning navbatdagi chempionatida ishtirok etishadi. 2024-yil mavsumini sovrinli natijalar bilan yakunlagan motokrosschilarimizga kelgusi turnirlarda omad yor bo‘lishini tilab qolamiz.
Axborot xizmati