Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Ma'lumki, har yili may oyining uchinchi yakshanbasi O‘zbekiston konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni sifatida keng nishonlanib kelinadi. Bu yil ham Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnat jamoasi ushbu qutlug‘ sanani katta tantanalar bilan kutib olishdi.
Joriy yilning 19-may kuni OKMK sport majmuasida tashkil etilgan bayram tadbiri avvalida kombinat tarkibiy bo‘linmalarining o‘ziga xos paradi o‘tkazildi.
Shundan so‘ng, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov so‘z olib, barchani kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. - Kasb bayramimizni yuksak natijalar bilan qarshi olayapmiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoeyvning tashabbusi bilan kombinat jamoasi bugun ulkan mega loyiha - “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish ishlarini amalga oshirmoqda. Bu O‘zbekistondagi eng katta tarixiy jarayonlardan biridir. Hozirgi kunda megaloyiha doirasida yangi temiryo‘llar, aloqa tarmoqlari yangi stansiyalar qurib bitkazildi. Shuningdek, infratuzilma inshootlari birin-ketin foydalanishga topshirilmoqda. Jadal sur'atlarda 3-Mis boyitish fabrikasining qurilishi davom ettirilayapti. Fabrikaning birinchi texnologik navbatini joriy yilning sentyabr oyida ishga tushirish niyatidamiz. Shuningdek, yangi metallurgiya kompleksi loyihasini bunyod etish ishlari ham boshlab yuborilgan, deydi - A.Xursanov. - Bularga parallel ravishda bugun 4-Mis boyitish fabrikasini loyihalashtirish ishlari ham amalga oshirilmoqda. 2022-yil yakunida Samarqand viloyatidagi Ingichka koni texnogen chiqindilarini qayta ishlashni yo‘lga qo‘ydik. Ayni paytda esa Jizzax viloyatidagi Uch-Quloch polimetall konini to‘liq tiklash maqsadida geologiya-qidiruv ishlari olib borilmoqda. Bu yangi loyihalarimizning hammasi nafaqat ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshiradi, balki minglab odamlarni ish bilan ta'minlaydi. E'tiborlisi, bugun kombinat faoliyati yanada kengayib bormoqda Mis va nodir metallardan chuqur qayta ishlanadigan mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu ishlarimiz xorijiy investorlarni ham qiziqtirayapti.
Tadbir davomida Toshkent viloyati hokimining o‘rinbosari Shukrulla Mahmudov ham konchi-metallurglarni kasb bayramlari bilan qutladi.
Ko‘p yillar davomida kombinat tarkibiy bo‘linmalarida mehnat qilib kelayotgan 22 nafar ilg‘or ishchi-xodimlar turli darajadagi “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni bilan, 40 nafar ishchi-xodim esa kombinat Faxriy Yorlig‘i bilan mukofotlanishdi. Shuningdek, 46 nafar ishchi-xodimga qimmatbaho sovg‘alari tuhfa etildi.
“Metallurg” madaniyat saroyining ijodiy guruhlari tomonidan tayyorlangan ajoyib raqslar barchaga manzur bo‘ldi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Ravshan Komilov, Ilhom Farmanov, Ilyos Arabov, Mohichehra Shomurodovalar tomonidan ijro etilgan dilrabo taronalar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Shuningdek, Xalqaro tanlovlarning sovrindorlari Akjol Meldebekov, To‘lqin Tojiyev, Sabina Hamdamovalar tomonidan kuylangan qo‘shiqlar ham tomoshibinlarda katta tassurot qoldirdi.
Ayniqsa, taniqli xonanda Anvar Sobirov, xonanda Dilmurod Otajonov, estrada xonandalari Farrux Komilov, Sardor Toirov, Ruxshonalar tomonidan ijro etilgan sho‘x-shodon qo‘shiqlar barchani raqsga chorladi.
Taniqi so‘z ustasi, qiziqchi Valijon Shamsiyevning ichakuzdi hangomalari tomoshabinlarga xushkayfiyat ulashdi.
Tadbir so‘nggida an'anaviy tarzda o‘tkazilgan mushakbozlik tomoshalari mezbonu uzoq-yaqindan kelgan mehmonlarda yorqin taassurot qoldirdi.
Bayram tadbirlari bugun ham davom ettirilib, unda kombinat tarkibiy bo‘linmalarining o‘ziga xos texnika vositalari, mahsulotlar va maketlar ko‘rgazmasi tashkil etiladi. Xalq sayli tarzida bo‘ladigan bayram tadbirida sport musobaqalari ham o‘tkaziladi.
OKMK Axborot xizmati