• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK: Mis eritish zavodining 60 yilligi nishonlandi

14 Dekabr 2023, 18:43 1333

Bugun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Mis eritish zavodi o‘zining 60 yilligini nishonlamoqda.

Mis eritish zavodi kombinatning eng yirik bo‘linmasi bo‘lib, katod misi, oltin va kumush, selen va tellur, sulfat kislotasi, mis kuporosi, ammoniy perrenat, kuydirilgan molibden yarim tayyor mahsulot va emallangan sim ishlab chiqaruvchi, ilg‘or texnologiya va xom ashyo tarkibidagi asosiy metallarni olish uchun to‘liq texnologik zanjirga ega zamonaviy korxona hisoblanadi.

Mis eritish zavodini bejizga Olmaliq kon-metallurgiya kombinati yuragi deyishmaydi.  Aynan Mis eritish zavodida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” deb ataluvchi, o‘z safida 35 mingdan ziyod ishchi-xodimlarni birlashtirgan korxonaning mashaqqatli mehnatlari mahsuli yuzaga chiqadi.

Bayram tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tabrigi o‘qib eshittirildi. Shuningdek, so‘zga chiqqan OKMK boshqaruv raisi A.Xursanov korxona faoliyatiga to‘xtalar ekan, yiliga 148 ming tonnadan ziyod mis ishlab chiqarayotgan bu korxona   mustaqillik yillarida yanada ravnaq topganini e'tirof etdi.

Darhaqiqat, mustaqillik yillarida, korxonaning oltin va kumushni ishlab chiqarish sexi ishga tushirildi. 1991-yil 24-dekabrda zavodda ilk bor sof kumush olindi. Oradan ikki kun o‘tib Olmaliqning birinchi 999,9 sof oltini olindi. 1996-yilda London rangli metallar assotsiatsiyasi kombinatda yuqori sifatli kumush ishlab chiqarilishini rasman tan oldi. Shu yilning o‘zida London rangli metallar birjasi kombinat kumushiga “Eng yaxshi yetkazib beruvchi” maqomini berdi.

Bayram tadbirida bir guruh ilg‘or metallurglar “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni, faxriy yorliqlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.

Yubiley ayyomida shuningdek, AQSh va Yevropaning yetakchi kompaniya vakillari ham ishtirok etishdi. Finlyandiyaning Metso Outotec kompaniyasi prezidenti Piya Karxu: bugun O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli sanoat sohasi jadal sur'atlarda rivojlanib bormoqda. Biz kabi xorijiy investorlarning qiziqishlari ham yildan yilga ortib borayapti. Kompaniyamiz Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bilan bir necha yillardan buyon hamkorlik qilib keladi. Biz kombinatning yangi boyitish fabrikasi va yangi metallurgiya kompleksi uchun uskunalar yetkazib berishni rejalashtirganmiz. Bugungi kunda kombinatda amalga oshirilayotgan megaloyhada ishtirok etganimizdan mamnunmiz.

Bugun mis eritish zavodining yubiley tadbirida ishtirok etarkanmiz, korxona erishgan yutuqlari bardavom bo‘lishini va o‘ziga xos a'nanalarini saqlab qolgan holda yanada rivoj topishini tilaymiz.

Tadbir davomida taniqli san'atkorlar Anvar G‘aniyev, Axror Usmonov ishtirokida konsert dasturi havola etildi.

Konsert dasturidan so‘ng xorijiy mehmonlar va kombinat faxriylari Qalmoqqir va Yoshlik-1 konlari, 3-Mis boyitish fabrikasi qurilish jarayoni va Mis eritish zavodi, Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasi, sanatoriy profilaktoriy faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Shuningdek, tashrif davomida faxriy metallurglar bugungi avlod metallurglari bilan misdan “Do‘stlik” quymasini quyishdi. Unga kelajak avlodga maktub joylandi.

Maktubda korxonaga asos solgan faxriylar va hozirda mehnat kilayotgan metallurglar nomidan kelajakda shu zavoddda ishlaydigan yosh avlodga tilaklar izhor etildi.

Yubiley ayyomi “Tojmahal” tantanalar majmuida davom ettirildi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech