Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Ayni paytda Janubiy Koreyaning Adju universiteti magistratura bosqichida tahsil olayotgan OKMK mutaxassisi Ravshan Maksumov oliygoh Prezidenti e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Bugun Ravshan “Eng yuqori baholar uchun” Adju Universitetining Prezidenti mukofoti bilan taqdirlandi.
Bugungi kunda Ravshan Maksumov Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi va Janubiy Koreyaning Adju universiteti hamkorligida IT BUSINESS “Ikki diplom” xalqaro magistratura dasturi asosida ta’lim olmoqda.
- Ushbu muvaffaqiyatim zamirida albatta kombinatning bizga bildirgan ishonchi va e’tibori yotibdi desam, adashmagan bo‘laman. IT-Business sohasida olayotgan bilimlarimni kombinat rivojida qo‘llayman, - deydi R.Maksumov.
So‘nggi yillarda kombinatda raqamlashtirish, IT texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etilishi natijasida yuqori mehnat samaradorligiga erishilmoqda. 2023 yilda biznes va texnologik jarayonlarni raqamlashtirish hamda ularni maqbullashtirish evaziga 224 mlrd so‘m iqtisod qilindi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan yoshlar va iqtidorli mutaxassislar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib kelingan. Kombinat ko‘magida oliy ma’lumotli mutaxassislar xorijning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida o‘z bilim va malakalarini oshirayapti.
Ravshan kabi mutaxassislar berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikka javoban xorijiy oliy o‘quv yurtlarida ham o‘z salohiyatlarini namoyish etib, e’tirof etilayotgani quvonchli albatta.
Ma’lumot uchun: bugungi kunda ikki nafar kombinat mutaxassisi Yaponiyadagi Akita Universitetining doktorantura bosqichida, ikki nafar mutaxassis esa Germaniyaning Frayberg konchilik akademiyasining aspirantura bosqichida ta’lim olishmoqda.
Axborot xizmati