Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK — nuroniylar nigohida

13 Aprel 2026, 10:54 67

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bugungi kunda nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqa iqtisodiyotining chinakam lokomotiviga aylanib, jadal sur’atlar bilan taraqqiy etib bormoqda. Ayniqsa, 3-mis boyitish fabrikasining ishga tushirilishi nafaqat kombinat tarixida, balki butun O‘zbekiston rangli metallurgiya sanoatida yangi davrni boshlab berdi. Ushbu ulkan loyiha ishlab chiqarish quvvatlarini bir necha barobar oshirish bilan birga, minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga va iqtisodiy barqarorlikning mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va yangilanishlar barcha yurtdoshlarimizni kombinatga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishi tabiiy.

Joriy yilning 11-aprel kuni poytaxtimiz mahallalaridan kombinat faoliyati bilan tanishish maqsadida kelgan bir guruh nuroniylar ham, amalga oshirilayotgan loyihalardan katta taassurot olishdi.

Sanoat korxonalarida hamda oliy o‘quv yurtlarida mas’ul lavozimlarda ko‘p yillar davomida mehnat qilgan nuroniy otaxonlar dastlab, dunyoning ilg‘or pedagogik texnologiyalar bilan jihozlangan Muhandislar maktabida bo‘lishdi.

Ushbu maktabni loyihalash ishlari Germaniyaning “Aurubis” kompaniyasining o‘quv markazi namunasida amalga oshirilgan. Maktab tinglovchilari bu yerda nafaqat nazariy balki amaliy mashg‘ulotlarni o‘tishlariga barcha sharoitlar yaratildi.

“Metallurg” madaniyat saroyi faoliyati va “Suyurlitepa yodgorligi” ko‘rgazmasi hamda kombinat tarixiy muzeyi bilan tanishgan mehmonlar o‘z hayratlarini yashirishmadi.

Dunyodagi eng yirik konlarda biri sanalgan Qalmoqqir koni hamda megaloyiha doirasida o‘zlashtirilgan “Yoshlik-1” koni faoliyati va ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishgan nuroniylar yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijasiga guvoh bo‘ldilar. Nuroniylar konchilik sohasining yuksalayotganidan mamnun bo‘lib, kelajak avlod uchun poydevor bo‘layotgan ushbu megaloyihalar bardavom bo‘lishini, ezgu tilaklarini bildirishdi.

Nuroniylarning navbatdagi manzili, joriy yilning 16-mart kuni davlatimiz rahbari tomonidan faoliyatiga rasman start berilgan 3-Mis boyitish fabrikasi bo‘ldi. Fabrika faoliyati, o‘rnatilgan texnologik uskunalar ularda katta taassurot qoldirdi.

- Adham Saidxo‘jayev, o‘qituvchi, mehnat faxriysi: Kombinat haqida ko‘p eshitganmiz, mana bugun kombinat faoliyati va unda amalga oshirilayotgan ishlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Muhandislar maktabida tinglovchilar uchun yaratilgan sharoitlar ochig‘i meni hayratlantirdi. Konlardagi kon texnika transport vositalari, 3-MBFdagi zamonaviy texnologik uskunalarni qarang, ularni o‘zimizni farzandlarimiz boshqarishayapti. Yoshlarga tilaklarim, yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanib, o‘qishsin, izlanishsin. Mana shunday yirik sanoat korxonalarida mehnat qilishsin.

Shu kuni nuroniylar kombinat faoliyati va amalga oshirilayogan megaloyihalar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishdi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech