• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK oliy ta’lim muassasalari va sanoat hamkorlari bilan aloqalarni mustahkamlamoqda

23 Oktyabr 2024, 12:50 900

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirishni davom ettirmoqda. Bu hamkorlik yuqori texnologiyali ishlab chiqarish sharoitlarida ishlashga tayyor bo‘lgan yosh mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan.

Ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlik kombinatga o‘zini malakali kadrlar bilan ta’minlash, talabalarga esa mintaqadagi eng yirik sanoat korxonalaridan birida amaliyot o‘tash imkonini beradi.

Jumladan, 21-oktyabr kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga Farg‘ona vodiysida faoliyat yuritib kelayotgan bir qator oliy ta'lim muassasalari rahbarlari, mutaxassislari hamda ushbu oliygohlarning sanoat hamkorlari bo‘lgan korxonalari vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.

Xususan, Umid Turdaliev (Andijon mashinasozlik instituti), Farrux Muxtorov (Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Farg‘ona filiali), Nozimjon To‘ychiboev (Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti), Sharibboy Ergashev (Namangan muhandislik-qurilish instituti), Odiljon Mamatkarimov (Namangan muhandislik-texnologiya instituti), O‘ktam Salomov (Farg‘ona politexnika instituti), Qurbanali Xoliqov (Namangan to‘qimachilik sanoati instituti), Rustambek Tojiev (Xalqaro oziq-ovqat texnologiyalari va muhandisligi instituti) va Muzaffar Maqsudov(Toshkent davlat texnika universitetining Qo‘qon filiali)lardan iborat delegasiya kombinat faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Tashrif buyurgan delegatsiya tarkibida yuqorida qayd etilgan oliy ta’lim muassasalarining sanoat hamkorlari bo‘lgan turli korxonalar vakillari ham bor edi. Delegatsiya OKMK bilan tanishuvini yuqori malakali muhandis mutaxassislar tayyorlaydigan muhandislik maktabiga tashrifdan boshladi. Maktabda ilg‘or o‘qitish usullari va amaliy mashg‘ulotlar qo‘llaniladi, bu esa o‘quvchilarga sohada ishlash uchun zarur bo‘lgan zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish imkonini beradi.

Muhandislik maktabidan soʻng mehmonlar kombinat muzeyiga tashrif buyurishdi va kombinat tarixi va faoliyati bilan tanishdilar.

Mehmonlar "Qalmoqqir" va "Yoshlik I" konlarining kuzatuv maydonchalarida ham boʻlishib, konlardagi ruda qazib olish jarayonlarini bevosita kuzatishdi.

Bundan tashqari, delegatsiya yangi 3-mis boyitish fabrikasi qurilishi va rudani qazib olish va qayta ishlash hajmini oshirishga qaratilgan "Yoshlik I" konini o‘zlashtirish bo‘yicha investitsiya loyihasining amalga oshirilishi bilan tanishdi. Yangi fabrikaning ishga tushirilishi qayta ishlash hajmini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi, bu esa o‘z navbatida mamlakatning jahon bozoridagi o‘rnini mustahkamlashga yordam beradi.

Shuningdek, mehmonlar OKMKda mahalliylashtirish dasturining asosiy ijrochisi bo‘lgan markaziy ta’mirlash-mexanika zavodida ham boʻlishdi. Mehmonlar korxonaning turli murakkablikdagi ta’mirlash va ishlab chiqarish vazifalarini bajarish uchun zamonaviy uskunalar jalb etilgan ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishdi. Zavodda qo‘llanilayotgan yuqori darajadagi avtomatlashtirish va innovatsion texnologiyalar delegatsiyada katta taassurot qoldirdi.

Tashrif davomida korxonalar vakillari OKMK ishlab chiqarishining ko‘lami va ulkan investitsiya loyihalari amalga oshirilayotganini ta’kidladilar. Ular o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislaridan batafsil javob oldilar, bu esa ularga kombinatning maqsadlari va rivojlanish istiqbollarini yaxshiroq tushunish imkonini berdi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech