• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK o‘yingohi foydalanishga topshirildi

12 Avgust 2023, 18:15 1909

Joriy yilning 11-avgust kuni OKMK o‘yingohi rekonstruksiyadan so‘ng foydalanishga topshirildi.

Tadbirda so‘z olgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruvi raisi, OKMK futbol jamoasi prezidenti Abdulla Xursanov stadion O‘zbekiston professional futbol ligasining klublarga qo‘yayotgan talablari va jamoamizning Osiyo Chempionlar ligasi turniri saralash bosqichidagi ishtiroki munosabati bilan rekonstruksiya qilinganini ta'kidlab, shahrimizga katta futbol qaytgani bilan muxlislarni tabrikladi. Va sevimli jamoamizga barcha o‘yinlarda omad tiladi.

Rekonstruksiya ishlari doirasida futbol maydoniga tabiiy chim yotqizildi. Maydonning drenaj va sug‘orish tizimlari, nasoslari yangilandi. Mazkur stadion ham Osiyo futbol konfederatsiyasi va FIFA talablariga to‘la javob berib, bir qancha xalqaro musobaqalarga mezbonlik qiladigan arenaga aylandi.

Tadbir davomida muxlislar taniqli estrada xonandasi Muhammadziyo ishtirokidagi konsert dasturidan bahramand bo‘lishdi.

Xabaringiz bor, Italiyada gandbol bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda OKMK gandbol jamoasi g‘olib bo‘lgan edi.

Ochilish marosimida murabbiy Hasan Qayumov boshchiligidagi gandbol jamoasi pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.

Iyul oyida poytaxtimizda shaxmat bo‘yicha bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida OKMK shaxmat klubi murabbiysi Fozil Soliyevning shogirdi Shohjahon Sidiqov sovrinli o‘rinlarni egallagan edi.

Tadbirda ustoz va shogird ham qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi.

Shundan so‘ng, Superliganing 16-tur doirasida OKMK jamoasi poytaxtimizning “Olimpik” jamoasi bilan maydonga tushishdi.

Qizg‘in va shiddatli bahslarga boy bo‘lgan uchrashuvda vakillarimiz 2:1 hisobida zafar quchishdi.

Shu kuni muxlislar o‘rtasida sovrinli lotoreya o‘yini ham tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, Mirjalol Qosimov shogirdlari joriy yilning 15-avgust kuni Osiyo Chempionlar ligasi turniri saralash bosqichi doirasida Ummonning “Al-Sib” jamoasini qabul qiladi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech