Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Ma'lumki, OKMK tarkibiy bo‘linmalarida “Energiya samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish va xarajatlarni kamaytirish bo‘yicha eng yaxshi ratsionalizatorlik takliflari” tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.
Joriy yilning 15-noyabr kuni mazkur tanlov g‘oliblarini taqdirlash tadbirlari 2-Mis boyitish fabrikasi hamda Sanoat temiryo‘l transport boshqarmasida o‘tkazildi.
Ushbu tadbirlarda ishtirok etgan OKMK boshqaruv raisi Abdulla Xursanov bu kabi tanlovlar korxona taraqqiyotida muhim o‘rin egallashini ta'kidlab, innovatsion ratsionalizatorlik takliflari kombinat rahbariyati tomonidan doimo qo‘llab-quvvatlanishini ma'lum qildi. Shuningdek, mana shunday tanlovlar kombinat miqyosida ham muntazam o‘tkazib borilishini bildirdi.
Innovatsion ratsionalizatorlik takliflarining mualliflari o‘z loyihalarini taqdimotlarini o‘tkazishdi.
Har ikki korxonada ham o‘z ratsionalizatorlik takliflari bilan ishtirok etib, g‘olib bo‘lgan mutaxassislar pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.
Jumladan, 2-Mis boyitish fabrikasi muhandis texnologi Davron Ahmedov, TJBTA xizmati yetakchi muhandisi Temur Inatov, TJBTA xizmati NO‘A va A ustasi Mixail Nigmatullin, EU va KTU ustasi Dilmurod Davlyatov, Chiqitlarni to‘plash uchastkasi boshlig‘i Asqarbek Jumanov, bosh mexanik Komil Borliboyevlarning innovatsion g‘oyalari g‘olib deb topildi.
Temur Inatovning “Konveyer tasmasining bo‘ylama yirtilishini oldini oluvchi datchik” nomli ratsionalizatorlik taklifini oladigan bo‘lsak, ushbu taklif konveyer tasmasining kamroq shikastlanishini ta'minlaydi, asosiy uskunalarni uzoq vaqt to‘xtashini hamda konveyer tasmasini to‘la yirtilishini oldini oladi.
Davron Ahmedovning “2-MBF bosimni orttirish korpusi uskunalarini sovutish tizimida ishlatiladigan sanoat suvini sovutish va yopiq konturda ishlatish maqsadida gradirka qurish bo‘yicha” taklifining ishlab chiqarishga tatbiq etilishi natijasida esa yiliga 105 392 m³ sanoat suvini tejash imkonini beradi.
Shuningdek, Sanoat temir yo‘l transport boshqarmasi temiryo‘l bo‘yicha muhandis Ibrohim Akramov, muhandis konstruktor Javlon Mingboyev, harakatlanuvchi sostavlarni ta'mirlovchi chilangar Shahzodbek Jo‘rabekov, vagonlar bo‘yicha muhandis Abdiqahhor Boltayev, temir yo‘l stansiya boshlig‘i Sanjar Ergashev, ishlab chiqarishni muvofiqlashtirish va logistika xizmati boshlig‘i Sherzod Ahmedov, yetakchi muhandis dasturchisi Toshpo‘lat To‘raqulovlarning innovatsion g‘oyalari ham hakamlar hay'ati tomonidan e'tirof etildi.
Vagonlar bo‘yicha muhandis Abdiqahhor Boltayevning “2BC-105 tipidagi vagon-samosvalning pastki ramasi tuzilmasiga o‘zgartirish kiritish” g‘oyasining 1 yillik iqtisodiy samaradorligi 8,3 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Temir yo‘l stansiya boshlig‘i Sanjar Ergashevning “Mis eritish zavodining ohakli qum chiqindilarini tozalash inshootlaridan Mis boyitish fabrikasining 9-sonli temir yo‘ligacha tashish usulini takomillashtirish” loyihasining 1 yillik iqtisodiy samarasi esa 9,4 mlrd so‘m mablag‘ni tashkil etishi, ushbu taklifning naqadar muhim ahamiyatga egaligini anglatadi.
Bir so‘z bilan aytganda, bu kabi innovatsion taklif va g‘oyalarning kombinat rahbariyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi mutaxassislarga yanada kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi va yangidan-yangi g‘oyalarni amalga oshirishga undaydi.
OKMK Axborot xizmati