Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK “shatakka olish” mexanizmi orqali mahalliy korxonlarni qoʻllab-quvvatlamoqda

03 Oktyabr 2025, 10:23 631

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14–15-oktyabr kunlari Toshkent viloyatiga tashrifi davomida “Sanoat uchburchagi” dasturini ishlab chiqish hamda viloyatning 5 ta shahar va tumanlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni “shatakka olish” tizimiga olish bo‘yicha topshiriq berilgan edi.

Mazkur topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida 2024-yil noyabr oyida Olmaliq shahrida kombinatning import mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Sanoat yarmarkasida respublikadagi yirik mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan bir qatorda Angren, Olmaliq, Ohangaron shaharlari hamda Piskent va Ohangaron tumanlarida faoliyat yuritayotgan korxona vakillari ham ishtirok etishdi. Tadbir doirasida o‘tkazilgan muzokaralar davomida kombinat rahbariyati hamda bosh mutaxassislari korxonaga keltirilayotgan import mahsulotlar turi, texnik parametrlari, yillik talab hajmi va boshqa muhim maʼlumotlar haqida atroflicha maʼlumot berdilar.

Bugungi kunda OKMK “Sanoat uchburchagi” dasturi doirasida Toshkent viloyatida joylashgan bir nechta korxonalar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yib kelmoqda. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar samarasi o‘laroq, joriy yilning 9 oy yakuniga qadar 25 ta korxona “shatakka olish” tizimiga olinib, 966 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Xususan, Ohangaron shahrida joylashgan “Steel pipe company” MCHJ QK OKMKga 600 tonnaga yaqin 5,3 milliard so’mlik mahsulot yetkazib berdi. Korxona tomonidan yetkazib berilgan mahsulotlar kombinatning asosiy ishlab chiqarish obyektlarida ishlatilmoqda. Mazkur korxona 2018-yil tashkil etilgan bo‘lib, tog‘ri chokli elektrpayvandlangan po‘lat quvurlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Oylik mahsulot tayyorlash hajmi 2 500 – 3 000 tonnani tashkil etib, OKMK bilan hamkorlik boshlangandan so‘ng, ushbu ko‘rsatkichlar 50-60 tonnaga oshgan.

Tadbirkorlik subyektlari va sanoat korxonalari o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirishga xizmat qilayotgan mazkur tashabbus, transport xarajatini 20-30 foizga, tannarxni esa 5-10 foizga kamayishini ta’minlaydi.  Xulosa qilib aytganda, Sanoat uchburchagi dasturi doirasidagi “shatakka olish” tizimi mahalliy korxonalarning iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlash, yangi imkoniyatlar eshigini ochish va mamlakatimizda barqaror taraqqiyotni ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech