Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“OKMK spartakiadasi – 2026” musobaqasi start oldi

27 Fevral 2026, 13:8 258

Yurtimizda so‘nggi yillarda jismoniy tarbiya va ommaviy sportga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, korxona va tashkilotlarda mehnatkashlarning salomatligini mustahkamlash, ish unumdorligini oshirish hamda ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga qaratilgan sport tadbirlari muntazam ravishda o’tkazilmoqda. Respublikamizning yirik ishlab chiqarish korxonasi OKMKda ham har yili tarkibiy bo’linmalar o’rtasida Spartakiada bahslari bo‘lib o‘tadi. Kuni kecha “Metallurg” o‘yingohida ushbu musobaqalarning 2026-yilgi mavsumiga start berildi.

Turnirning ochilish marosimida kombinat korxonalari kasaba uyushmasi qo‘mitalari raislari, sport yo‘riqchilari hamda ishchi-xodimlar ishtirok etdilar.

So‘zga chiqqanlar sog‘lom turmush tarzi va jismoniy faollikning inson hayotidagi beqiyos o‘rni haqida atroflicha fikr bildirishdi. Shuningdek, o‘tgan yilgi spartakiada g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o’tdi.

2025-yil yakuniga ko‘ra 1-guruhda 3-o‘rinni Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi, 2-o‘rinni Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasi vakillari egallagan bo‘lsa, 1-o‘rinni Mis eritish zavodi jamoasi qo‘lga kiritdi.

2-guruh bahslarida kuchli uchlikdan Kovuldi kon boshqarmasi, Ohak zavodi hamda Avtomobil transporti boshqarmasi jamoalari joy oldi.

3-guruh musobaqalari kombinatning Angren shahrida joylashgan tarkibiy bo’linmalari ishtirokida o‘tkazilib, unda Angren quvur zavodi jamoasiga 3-o‘rin nasib etdi. Shaxta qurilish boshqarmasi vakillari 2- oʻringa sazovor bo‘lishgan bo‘lsa, Angren kon boshqarmasi ishchi-xodimlari mutloq yetakchi bo‘lib, 1-o’rinni qo‘lga kiritishdi.

Barcha g‘oliblarga OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Taqdirlash marosimidan so‘ng 29 ta jamoalar ishtirokida sportning voleybol turi bo’yicha erkaklar o‘rtasida Olimpiya tizimi asosida Spartakiada-2026 bahslarining ilk uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Har bir guruh chempionlik yo‘lida shiddatli va murosasiz kurash olib bordilar.

Ma’lumot o‘rnida: Joriy yilgi Spartakiada musobaqalari doirasida sportning 13 turi — voleybol, strit-bol, “Alpomish va Barchinoy” hamda 4x100 metr yugurish estafetalari, badminton, armresling, shaxmat, darts, gandbol, basketbol, stol tennisi hamda shashka bo‘yicha bellashuvlar noyabr oyiga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, bu kabi musobaqalar nafaqat OKMK mehnat jamoalarining sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, balki ular o'rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etib, ishchanlik kayfiyatini ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech