Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK: Tarixiy merosga ehtirom va ijtimoiy mas’uliyat

02 May 2026, 15:1 68

Piskent tumanidagi “Qirqqizota” ziyoratgohi 2025-yildan boshlab Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining moddiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi asosida obodonlashtirilib, aholining ziyorat qilishi uchun keng sharoitlar yaratildi.

Oliy Majlis Senati a’zolari hamda Qonunchilik palatasi deputatlari va "Olmaliq KMK" AJ rahbariyati tashabbusi bilan ushbu ziyoratgoh obod go‘shaga aylantirildi.

9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Qirqqizota” ziyoratgohida o‘tkazilgan “Uch avlod” uchrashuvi ham o‘ziga xos ma’no-mazmun kasb etdi.

Tadbir avvalida nuroniylar tomonidan Qur’on tilovat qilinib, yurt tinchligi va osoyishtaligi so‘rab duolar qilindi.

Uchrashuvda so‘z olgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Qosimova ko‘p yillar davomida qarovsiz qolib ketgan ushbu maskan kombinat tomonidan qisqa fursatda obod go‘shaga aylantirilganini alohida e’tirof etdi. U ziyoratchilar uchun yaratilgan qulayliklarni yuqori baholab, mana shunday ezgu ishlarning boshida turgan kombinat rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Shuningdek, tadbirda OKMK boshqaruv raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sa’di Shermatov so‘zga chiqib,  kombinat ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, tarixiy obida va qadamjolarni asrab-avaylash hamda ularni obod qilish borasidagi xayrli ishlar izchil davom ettiriladi. Bu esa jamiyatda “Inson qadri uchun” tamoyilining amaldagi yaqqol ifodasidir.

“Navro‘z” umumxalq bayramining mantiqiy davomida sifatida tashkil etilgan tadbir davomida “Metallurg” MS ijodkorlari tomonidan ajoyib kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

Tadbir davomida ziyoratgohning obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etgan bir guruh ishchi-xodimlar esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.

Bir so‘z bilan aytganda, bu kabi tadbirlar nafaqat tarixiy xotirani tiklash, balki inson qadrini ulug‘lash, milliy merosimizni kelajak avlodlarga beziyon yetkazishdek olijanob maqsadlarga xizmat qiladi. Yangi qiyofa kasb etgan “Qirqqizota” ziyoratgohi esa endilikda nafaqat maskan, balki ma’naviyat va ezgulik manzili bo‘lib qoladi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech