Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Ma'lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivoji bilan tanishish maqsadida joriy yilning 10-fevral kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurgan edi. Mazkur tashrif chog‘ida viloyat faollari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mamlakatimiz rahbari Jizzax viloyatida 2023-yilni “Sanoatni rivojlantirish yili” bo‘lishini ta'kidlab, bu bo‘yicha mas'ullarga bir qator vazifalarni amalga oshirish belgilab berilgandi.
Xususan, xorijiy investorlar bilan hamkorlikda Uch-quloch konini tiklash va kamida 600 ish o‘rni yaratish vazifasi qo‘yilib, loyihaga 200 mln dollar ajratilishi ko‘zda tutilgan edi.
Mazkur topshiriqlarning ijrosini ta'minlash maqsadida joriy yilning 12-aprel “Uch-Quloch polimetall konini kompleks o‘zlashtirish” investitsiyaviy loyihasining amalga oshirilishiga start berildi.
Mazkur ob'yektning ochilish marosimida Jizzax viloyat hokimi Ergash Saliyev, Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari A'zam Qodirxonov, “Olmaliq KMK” AJ Boshqaruv raisi Abdulla Xursanov, “Esan Eczacibaşi” kompaniyasi bosh direktori Savash Shaxin ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bu kabi yirik loyihalar yurtimizning polimetall rudalarini qazib olish va konchilik salohiyatidan unumli foydalanish, xom-ashyo va tayyor mahsulot ishlab chiqarib, eksport qilish quvvatlarini oshirishga qaratilganligini ta'kidlashdi.
Mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamda Turkiyaning “Esan Eczacibaşi” kompaniyasi o‘rtasida 3 tomonlama shartnoma tuzilgan bo‘lib, qo‘shma korxona tashkil etiladi. Konda razvedka ishlarini olib borish, rudani qazib olish va qayta ishlash amalga oshiriladi.
Kondan yiliga ochiq usulda 500 ming tonna polimetall ruda qazib olinadi.
Shuningdek, loyiha doirasida yiliga 500 ming tonna rudani qayta ishlashga mo‘ljallangan zamonaviy boyitish fabrikasi quriladi.
Boyitish fabrikasida yiliga 5,4 ming tonna rux konsentrati hamda 18,4 ming tonna qo‘rg‘oshin konsentrati olinadi.
Loyiha bo‘yicha mavjud maydalangan rudalar ombori bilan maydalash-ortish uzeli to‘liq ta'mirlanadi. Tashqi muhandislik kommunikatsiyalari barpo etiladi. Avtomobil va temiryo‘llarda rekonstruksiya ishlari olib boriladi.
Eng muhimi, loyiha amalga oshirilishi natijasida kamida 600 ish o‘rinlari yaratiladi hamda hududning ijtimoiy–iqtisodiy rivojlanishi ta'minlanadi.
Tadbir davomida Uch-quloch koni faxriylari va yoshlari ham kon faoliyatini tiklanishi ushbu hududga yangi nafas olib kirishini va yoshlarga keng imkoniyatlar eshigini ochilishini aytib, o‘z fikrlarini bildirishdi.
Tadbir “Metallurg” madaniyat saroyi ijodiy guruhlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan davom etdi.
Shuningdek, tadbirda bir guruh kombinat mehnat faxriylariga zarbof to‘n kiygazildi.
Ma'lumot uchun: Hozirgi kunda jahon bozorida 1 tonna qo‘rg‘oshinning narxi 2 128 dollar, ruxning tonnasi esa - 2 810,50 dollarni tashkil etadi.
Qo‘rg‘oshin asosan akkumulyatorlar ishlab chiqarishda ishlatiladi. Shuningdek, qo‘rg‘oshin radioaktiv nurlarni yutishi sababli undan radioaktiv moddalar saqlanadigan idishlar, rentgen xonalari uchun undan qurilmalar tayyorlanadi. Korroziyadan va mexanik ta'sirdan himoya qilish uchun ham elektr kabellar qo‘rg‘oshin bilan qoplanadi.
Rux asosidagi qotishmalar avtomobil salonining ichki qismini bezash uchun, eshik tutqichlari, qulflar, nometall va artgich korpuslarini ishlab chiqarishda ishlatiladi.
Shuningdek, rux oksidi avtomobil shinalariga qo‘shiladi, bu esa kauchuk sifatini yaxshilaydi.
OKMK Axborot xizmati