Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33OKMK tomonidan respublikamiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi uchun alohida ahamiyatga ega “Yoshlik-1 konini oʻzlashtirish” investitsiyaviy loyihasi doirasida yangi 3-Mis boyitish fabrikasini qurish ishlari bugungi kunda jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda. Shuningdek, yangi metallurgiya kompleksini barpo etish ishlari ham boshlab yuborilgan. Kombinatda amalga oshirilayotgan yirik megaloyihalar dunyoning koʻplab rivojlangan davlatlarida katta qiziqish uygʻotmoqda.
Amalga oshirilayotgan megaloyihalar doirasida koʻplab xorijiy davlatlar bilan manfaatli hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan. Joriy yilning 1-may kuni OKMKga AQSHning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenik boshchiligidagi delegatsiyaning tashrif buyurishi ham soʻzlarimizning yorqin isboti desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Mehmonlarni kombinat boshqaruv raisi, senator Abdulla Xursanov “Metallurg” madaniyat saroyida qarshi oldi. Konchilar muzeyini tomosha qilgan delegatsiya aʻzolari Olmaliq shahri va korxona tarixi bilan yaqindan tanishishdi.
Mehmonlarga kombinat faoliyatiga oid video film ham namoyish etildi.
Tashrif davomida tarkibida FLSmidth kompaniyasi vakillari boʻlgan delegatsiya “Qalmoqqir” va “Yoshlik-1” konlarida ham boʻlishdi. Qiziqarli texnologik ishlab chiqarish jarayonlari guvohi boʻlgan mehmonlarning navbatdagi manzili 3-mis boyitish fabrikasi boʻldi.
Delegatsiya aʻzolari kombinat Muhandislik maktabida ham boʻlishib, muassasa faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
AQSHning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenik: - Bugun Olmaliq shahriga tashrifimdan va kombinat boshqaruv raisi, senator Abdulla Xursanovning samimiy kutib olganidan mamnunman. Kombinat haqida toʻliq ma’lumotga ega emasdim. Bugun kombinat boy tarixi, faoliyati haqida koʻp ma’lumotga ega boʻldim, taassurotlarim koʻp. Kombinat Oʻzbekistonda muhim ahamiyat ega korxona ekan. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning uzoqni koʻra bilishi va e’tibori tufayli yaqin orada kombinat eng yirik mis ishlab chiqaruvchi kompanyaga aylanishiga amin boʻldim. AQSHning kombinat bilan hamkorlik qilayotganidan xursandman. Men kelajakda kombinatda AQSH kompaniyalari uchun koʻplab imkoniyatlarni koʻrayapman. Misol uchun FLSmidth kompaniyasi kombinat bilan allaqachon hamkorlikni boshlab yuborgan. Kombinat faoliyati yanada taraqqiy etishiga tilakdoshman.
Ikki taraf uchun ham manfaatli boʻlgan uchrashuvlar davomida kelgusida oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish bo`yicha kelishib olindi.
OKMK Axborot xizmati