"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Germaniya davlatinining yirik kompaniyalari, moliya tashkilotlari hamda banklari bilan ko‘p yillardan buyon hamkorlik qilib kelmoqda.
Mazkur hamkorlik aloqalari doirasida joriy yilning 15-aprel kuni Germaniya taraqqiyot banki KfW ijroiya Kengashi a'zosi Kristiana Laybax boshchiligidagi delegatsiya OKMKga tashrif buyurdi.
Dastlab, yevropalik mehmonlar OKMK boshqaruv raisi Abdulla Xursanov hamrohligida “Metallurg” madaniyat saroyida bo‘lishib, kombinat muzeyi bilan tanishdilar. Mehmonlarga “Suyurlitepa yodgorligi” ko‘rgazmasi, kombinatning shonli tarixi, faoliyati, madaniyat saroyidagi to‘garaklar bo‘yicha to‘liq ma'lumot berildi.
Mehmonlarning navbatdagi manzili Qalmoqqir hamda “Yoshlik-1” konlari bo‘ldi. Mazkur ikki konda qizg‘in ishlab chiqarish jarayoni yevropalik mehmonlarni hayratlantirdi.
Mega loyiha doirasida barpo etilayotgan, yiliga 60 mln tonna ma'danni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan 3-Mis boyitish fabrikasining qurilishi ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, delegatsiya a'zolari tashrif davomida Mis eritish zavodida ham bo‘lib, texnologik ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdilar.
Kristiana Laybax: Bugungi tashrif davomida yirik sanoat korxonasi bo‘lgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati haqida yanada ko‘p ma'lumotga ega bo‘ldim. Kombinat konlarining buncha keng va ulkan miqyosda ekanini tasavvur ham qilmagan edim. Bu yerda guvoh bo‘lganimizdek, kombinatingiz zamonaviy texnologiyalarga ega bo‘lib, ma'danlarni qazib olishda katta salohiyatga ega. Ushbu konlar chinakam boylik manbai, bebaho xazinadir biz bundan juda xursandmiz. Germaniya taraqqiyot banki KfW vakillari sifatida, sizning loyihalaringizni katta qiziqish bilan kuzatmoqdamiz va ularni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Kelgusida hamkorlikni kengaytirish, birgalikda barqaror taraqqiyot sari dadil qadam tashlashni intiqlik bilan kutamiz.
Ma'lumot uchun: Germaniya O‘zbekistonning Yevropadagi eng muhim, ishonchli va uzoq muddatli hamkori hisoblanadi. Bugungi kunda Germaniya taraqqiyot banki KfW tomonidan yurtimizda 36 ta loyiha 756,5 mln. yevro miqdorida moliyalashtirilgan.
Shuningdek, 2023-yil sentyabr oyida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ va “KfW-IPEX Bank” o‘rtasida $2,5 mlrd. miqdorida moliya jalb etish bo‘yicha mandat shartnomasi imzolangan bo‘lib, ushbu moliyaviy kelishuv “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish investitsiyaviy loyihasi doirasida yangi mis eritish zavodi qurilishini moliyalashni tashkillashtiradi.
Mandat doirasida, “KfW-IPEX Bank” va “AKA Bank” (Germaniya) ishtirokida “Metso-Outotec” kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha avans to‘lovlarini amalga oshirish maqsadida 206 mln. yevro miqdorida bridj-kredit ajratilgani loyiha bo‘yicha ishlar amaliy bosqichga o‘tayotganidan dalolat beradi.
Ushbu loyiha yuqori texnologik daraja, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish va o‘zaro manfaatli sheriklikning mustahkam asosiga aylanadi.
OKMK Axborot xizmati