"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Ma’lumki, OKMKda amalga oshirilayotgan “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish” investitsiyaviy loyihasi doirasida 2025-yilda Texnologik transport boshqarmasi avtoparkiga eng zamonaviy “HITACHI EH4000AC-3” karyer avtosamosvallarining ilk partiyasi olib kelingan edi. Bugungi kunga kelib, kombinat konlarida ushbu konchilik avtogigantlarining 7 tasi to‘liq quvvat bilan ishlayotgan bo‘lsa, yana 1 tasini yig‘ish va sozlash ishlari qizg‘in davom ettirilmoqda.
Mazkur muvaffaqiyatli va istiqbolli hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlash maqsadida, joriy yilning 13-avgust kuni Yaponiyaning dunyoga mashhur “Hitachi Construction Machinery” kompaniyasi hamda ushbu brendning Markaziy Osiyo va Qozog‘istondagi rasmiy distribyutori “Eurasian Construction Machinery” kompaniyasi vakillaridan iborat nufuzli delegatsiya Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyurdi.
Xalqaro uchrashuv davomida ikki tomonlama manfaatli aloqalarni kengaytirish doirasida bir qator dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, “Hitachi” brendiga tegishli yuqori quvvatli yangi karyer samosvallarini kombinatga yetkazib berish va hamkorlik ko‘lamini kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, mehmonlar kombinatning og‘ir tog‘-kon sharoitlarida ishlayotgan mavjud zamonaviy texnikalarning ekspluatatsiya qilinish holati va ularga yaratilgan texnik xizmat ko‘rsatish sharoitlari bilan amaliy tanishishdi.
Tashrif dasturi doirasida xorijlik mehmonlar dunyodagi eng yirik konlardan biri hisoblangan Qalmoqqir konida bo‘lishib, kondagi ishlab chiqarish jarayonlarini kuzatishdi.
Shuningdek, mehmonlarning navbatdagi manzili Texnologik transport boshqarmasi bo‘ldi. Delegatsiya a’zolari avtoo‘ziag‘dargichlarni ko‘zdan kechirishib, mazkur yo’nalishda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilishdi.
Kombinat mis ishlab chiqarish jarayonlari ketma-ketligini real vaqt rejimida kuzatib borish, ma’lumotlarni tahlil qilish, xatoliklarning oldini olish va resurslarni optimal taqsimlash imkonini beruvchi raqamli yechimlar asosida tashkil etilgan Ishlab chiqarishni muvofiqlashtirish markazi yaponiyalik mehmonlarning katta qiziqishiga sabab bo’ldi.
Masafumi Senzaki “Hitachi Construction Machinery” Co., Ltd. ijrochi direktori: - Bugun biz OKMKda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarning guvohi bo‘ldik. Aytish joizki Hitachi kompaniyasi mazkur loyihalarning faol ishtirokchisiga aylanishi uchun barcha imkoniyatlarga ega. Bizning texnikalar kombinat konlaridagi ma’danlarni qazib olish samaradorligini yanada oshirishiga ishonaman. Kelgusidagi tashriflarimiz davomida korxona rahbariyati bilan manfaatli kelishuvlar ko‘lamini kengaytirish masalalarini atroflicha muhokama qilishni rejalashtiryapmiz.
Dunyo tog‘-kon sanoati yetakchilarining ushbu tashrifi OKMK va “Hitachi” kompaniyasi o‘rtasidagi texnologik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish bilan bir qatorda, kombinatda amalga oshirilayotgan megaloyihalarning samaradorligini yana-da oshirishga xizmat qiladi.
Axborot xizmati