Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK va “KfW IPEX-Bank” banki: strategik hamkorlik yangi bosqichda

22 Iyun 2026, 10:33 148

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va Germaniyaning “KfW IPEX-Bank GmbH” banki o‘rtasida bir necha yillardan buyon o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib bormoqda. Ushbu strategik sheriklik korxonaning ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish hamda yirik investitsiya loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishda muhim moliyaviy drayver bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur hamkorlik doirasida OKMKga “KfW IPEX-Bank” banki Boshqaruv raisi Belgin Rudak, “Euler Hermes” sug‘urta agentligi hamda Germaniya Iqtisodiyot vazirligi vakillari tashrif buyurishdi.

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov hamrohligida martabali mehmon “Qalmoqqir” va “Yoshlik-1” konlaridagi texnologik ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Delegatsiyaning navbatdagi manzili joriy yilning 16-mart kuni rasman ishga tushirilgan 3-Mis boyitish fabrikasi bo‘ldi. Korxonada bugungi kunda kuniga 800 tonnadan ziyod mis konsentrati ishlab chiqarilmoqda. Mazkur ko‘rsatkich texnologik quvvatlarning bosqichma-bosqich o‘zlashtirilishi natijasida har oy barqaror ravishda o‘sib bormoqda.

Fabrikaning eng muhim afzalliklaridan biri — uning yuqori texnologik darajada jihozlanganidir. Bu yerda dunyoning tog‘-kon uskunalari ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyalari — “Metso Outotec”, “FLSmidth”, “Weir Minerals” va “Siemens”ning innovasion yechimlari asosida yagona integratsiyalashgan texnologik majmua yaratilgan. Korxonaga o‘rnatilgan zamonaviy texnologik uskunalar va raqamli avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi ishlab chiqarishda inson omili ta’sirini kamaytirib, jarayonlarning yuqori aniqlikda hamda xavfsiz boshqarilishini ta’minlamoqda.

Tashrif davomida xorijlik mehmonlar “Metallurg” madaniyat saroyida ham bo‘lib, bu yerda tashkil etilgan to‘garaklar faoliyati bilan tanishdilar va kombinat muzeyini ko‘zdan kechirdilar.

Uchrashuvlar yakunida tomonlar o‘rtasidagi istiqboldagi hamkorlik aloqalari va yangi qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tashrif davomida “KfW IPEX-Bank GmbH” banki boshqaruvi raisi Belgin Rudak xonim kombinatda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini e’tirof etdi.

Ma’lumot uchun: 2023-yilning sentyabr oyida OKMK va Germaniyaning “KfW IPEX-Bank GmbH” banki o‘rtasida yangi Mis eritish kompleksi qurilishini moliyalashtirishni tashkil etish bo‘yicha qiymati 2,55 milliard dollarlik strategik mandat shartnomasi imzolangan.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech