• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK va “Navoiyuran” DK: Raqamli transformatsiya bo‘yicha hamkorlik

18 Avgust 2023, 9:19 2155

Joriy yilning 17-avgust kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga “Navoiyuran” davlat korxonasi vakillari tashrif buyurishdi.

Dastlab, OKMK boshqaruvi raisining Raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari Abdulla Azizov, kombinatdagi raqamlashtirish bo‘yicha soha mutaxassislari hamda “Navoiyuran” DKning raqamlashtirish bo‘yicha mas'ullari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda kombinatda Raqamli transformatsiya yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha mehmonlarga batafsil ma'lumotlar berilib, taqdimotlar o‘tkazildi.

- 2022-yil mobaynida kombinatda raqamli transformatsiya qilish doirasida 48 ta loyiha (23 ta reja, 25 ta rejadan tashqari) amalga oshirildi. Shulardan boshqaruv va biznes jarayonlari 25 ta, infratuzilmani takomillashtirish 6 ta, kon-transport kompleksi 6 ta va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish 11 ta loyiha. 2023-yilda 40 dan ortiq loyiha va vazifalarni amalga oshirish belgilangan. Shundan 17 tasi amalga oshirildi (boshqaruv va biznes jarayonlari – 5 ta, infratuzilma hamda kiberxavfsizlikni takomillashtirish – 4 ta, ishlab chiqarishni boshqarish – 2 ta va texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish – 6 ta), - deydi Abdulla Azizov. - Masalan, boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish va ish yuritish jarayonini raqamlashtirish maqsadida Avtotransport va logistikani boshqarish tizimini (Transport Management System) joriy etish evaziga 1000 dan ortiq avtotransport va texnikalardan foydalanish samaradorligi 4 foizga oshirildi va yiliga 70 foiz (1,1 mln varaq) tejash imkoniyati yaratildi.

Qog‘ozsiz ish yuritish (Paperless work) va OKMKda yagona identifikatsiya tizimi konsepsiyasiga muvofiq, kombinatda 36 mingdan ortiq xodimlar yangi ID-kartalar bilan ta'minlash evaziga “E-Talon” axborot tizimi bo‘linmalarda ishga tushirildi. Natijada oyiga 700 mingdan ortiq qog‘oz talon, muhrlash, tarqatish qisqartirilib, hisobot shakllantirish vaqti 7 martaga tezlashtirildi. Shuningdek, “Jurnallar” axborot tizimida 20 dan ortiq elektron shablonlari yaratildi. Tizim kombinatda 70 foizga qog‘oz jurnallarni elektron formatda yuritish, ma'lumotlarni tahlil qilish imkonini yaratdi.

Interaktiv dashbordlar (BI) axborot tizimi yordamida ishlab chiqarish va biznes jarayonlaridan, shuningdek, turli avtomatlashtirilgan tizimlardan avtomatik ravishda “onlayn” ma’lumotlarni jamlash va qayta ishlash tezligi 80 foizga oshirildi. 6 ta turdagi qog‘oz hisobotlari elektron shaklga o‘tkazilib, ularni shakllantirish vaqti 3 barobarga qisqardi.

Kombinat xodimlarini asosiy ish joyidan ajralmagan holda onlayn o‘qitishga mo‘ljallangan “Learning management system” dasturiy ta'minoti ishga tushirilib, yiliga 10 mingdan ortiq xodim onlayn o‘qitiladi va xarajatlar 15 foizgacha qisqartiriladi.

Bundan tashqari, raqamli arxiv (qog‘oz sarfi 25 foizga kamaytirildi), loyiha boshqarish tizimi (tahlil qilish va nazorat oborish, hamda 20 foizga boshqaruv samaradorligi oshirildi), “Yoshlik-I” konida yangi raqamli radiostansiya (100 ta transport va 35 ta xodim radioaloqa bilan ta'minlandi) va “Kochbuloq”, “Semg‘uron” hamda “Qayrog‘ach” shaxtalarida IP telefoniya (10 km optik tola aloqa liniyalari yotqizildi) joriy etildi.

Ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va zamonaviy axborot tizimlarini qo‘llash maqsadida Mis boyitish fabrikasida 27 ta zamonaviy raqamli tenzometrik tarozilari o‘rnatildi va texnologik jarayonda ruda vaznini o‘lchash aniqligi 99,8 foizgacha oshirildi. Shuningdek, 7-monoseksiyani texnologik jarayonini avtomatlashtirish maqsadida 405 ta nazorat va o‘lchov asboblari va 26 ta boshqaruv javonlari o‘rnatilib, signallari yuqori darajadagi dispetcherlik punkti bilan integratsiya qilindi. Bundan tashqari, 320 ta dozator nasoslari va 14 ta yangi reagent rezervuarlari sozlanib, ishga tushirildi.

Mis eritish zavodida “Metso-Outotec” va “Engineering Dobersek” kompaniyalari mutaxassislari bilan birgalikda Vanyukov pechi va Sulfat kislota sexining boshqaruv tizimi, nazorat va o‘lchov asboblarining uzluksiz ishlashi ta'minlandi.

Xondiza boyitish fabrikasida tegirmonlarni avtomatik boshqaruvini (SAU-3M) joriy qilish doirasida 100 foizga nazorat va o‘lchov asboblari javonlari yangilandi, operator tomonidan uskunalarning holati to‘g‘risida ma'lumoti, shuningdek, texnologik reglamentdan chetga chiqishni nazorat qilish imkoniyati yaratildi.

Mehmonlar tashrif davomida Qalmoqqir kon boshqarmasida, Mis boyitish fabrikasida bo‘lishib, yuqorida taqdim etilgan ma'lumotlarning amaldagi ifodasini guvohi bo‘lishdi.

Tashrif davomida kombinatda raqamli transformatsiya yo‘nalishida joriy etilgan tizimlar, shu jumladan, ERP, SCADA, LIMS, SAP tizimlari hamda ishlab chiqarish jarayonlari va ma'lumotlarini monitoring va analitik tahlil dasturlari bilan yaqindan tanishishdi.

- Bugun tashrifimiz davomida raqamlashtirish bo‘yicha ko‘plab ma'lumotlar olishga erishdik. Hozirda korxonamizda raqamlashtirishga katta e'tibor qaratilgan. Kombinatda qilinayotgan ishlar bilan tanishar ekanmiz hali raqamlashtirish bo‘yicha ko‘plab amalga oshiradigan ishlarimiz bor ekan. Kombinatdan raqamlashtirish bo‘yicha dasturiy tizimlarni ham harid qilishni rejalashtirdik. Yana bir xayron qoldiradigan jihati OKMKda raqamlashtirish jarayoni tezkorlikda amalga oshirilayotir. Bu esa oz fursatlarda o‘zining samarasini berayotgani tahsinga loyiq. Kelgusida OKMK bilan hamkorligimizni yanada mustahkamlaymiz. Kombinat mutaxassislarini ham bizning korxonamizga taklif etamiz. Ular bizdagi sohada amalga oshirilayotgan ishlarga baho berishadi - deydi “Navoiyuran” DK bosh direktorining tranformasiya bo‘yicha o‘rinbosari Hasan Haydarov. 

Mehmonlar shuningdek, yangi barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasining qurilish jarayoni bilan ham tanishishdi.

Mazkur tashrifdan ko‘zlangan maqsad Prezidentning 2022-yil 14-iyuldagi “2022-2030 yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformasiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlashdan iborat bo‘lib, mehmonlarga kombinatda raqamli transformasiya yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar tanishtirildi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech