"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33OKMK yirik investitsiyaviy loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish hamda samarali xalqaro andozalardan unumli foydalanish maqsadida dunyoning yetakchi xorijiy korxonalari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o’rnatib kelmoqda. Joriy yilning 15 iyun kuni kombinatga Xitoy togʻ-kon sanoatining eng yirik va nufuzli vakillaridan biri — China Nonferrous Metal Industry’s Foreign Engineering and Construction Co., Ltd. (NFC) kompaniyasi vakillari tashrif buyurishdi.
Dastavval Mehmonlar malakali kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan OKMK Muhandislik maktabida bo’lishib, u yerda tinglovchilar uchun yaratilgan shart-shaoirtlarni ko’zdan kechirishdi va dual ta’lim tizimi haqidagi savollariga mutaxassislardan batafsil javob oldilar.
Qalmoqqir va Yoshlik-1 konlarida amalga oshirilayotgan ma’danlarni qazish hamda tashish jarayonlari delegatsiya a’zolarining katta qiziqishiga sabab bo’ldi.
OKMK va Xitoy kompaniyasi rahbarlari o’rtasidagi uchrashuv davomida tog‘-kon sanoatida innovatsion texnologiyalarni qo‘llash, investitsiyaviy loyihalarni birgalikda moliyalashtirish va yangi ob'ektlarni barpo etish masalalari muhokama qilindi. Xorijlik mehmonlar OKMKning ulkan ishlab chiqarish salohiyatini yuqori baholashib, konlarni o‘zlashtirishda zamonaviy muhandislik yechimlarini taqdim etishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Tan Yaoyu NFC Xitoy kompaniyasi bosh direktori: - Biz bundan ikki yil avval OKMKga tashrif buyurgan edik. Bugun guvohi bo’ldikki shu qisqa vaqt ichida korxonangizda ulkan loyihalar amalga oshirilibdi. Ayniqsa yangi konlarning o’zlashtirilishi bizni hayratga soldi. O’ylaymizki, kompaniyalarimiz o’rtasidagi do’stlik aloqalari asosida sizning bilim va imkoniyatlaringiz, bizning tajribamiz uyg’unlik kasb etib, kelgusida ma’dan qazib olish, boyitish va jarayonlarga ekologik xavfsiz texnologiyalarni joriy etish borasidagi hamkorlik munosabatlarini mustahkamlaymiz.
Ma’lumot uchun: China Nonferrous Metal Industry’s Foreign Engineering and Construction Co., Ltd. 1983-yilda tashkil etilgan bo’lib, u metallurgiya resurslarini rivojlantirish hamda xalqaro loyihalarni boshqarishda yetakchilardan sanaladi. Rangli metallurgiya sohasida loyihalash, xarid qilish, qurish, kadrlar tayyorlashdan tortib, geologik qidiruv, konchilik, ma’danlarni saralash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan butun boshli texnologik zanjirni qamrab olgan mazkur kompaniyaning salohiyati nihoyatda yuqori. Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlarida 30 ta filialiga ega boʻlgan ushbu xorijiy kompaniya, bugungi kunda 11,92 million tonna mis zaxirasi, 1,4 million tonna mis eritish quvvati hamda yillik 1,48 million tonna metall ishlab chiqarish hajmi bilan ajralib turadi.
Shuningdek, poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ hamda Xitoy Xalq Respublikasining “China Nonferrous Metal Industry’s Foreign Engineering and Construction Co., Ltd.” kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.
Mazkur hamkorlik doirasida reagentlar ishlab chiqarishni birgalikda tashkil etish, ikkilamchi resurslarni qayta ishlash hamda maʼdan tarkibidan qimmatbaho metallarni ajratib olish kabi muhim yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalar amalga oshirilishi belgilandi.
OKMK va Xitoyning yetakchi NFC kompaniyasi o‘rtasidagi muloqot tog‘-kon sanoatida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi. Dunyo miqyosida ulkan resurs va tajribaga ega korxona bilan turli yo’nalishlardagi sheriklik kombinatning global metallurgiya bozoridagi mavqeini yanada mustahkamlaydi desak mubolag’a bo’lmaydi.
Axborot xizmati