Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Bugun poytaxtimizda O‘zbekiston-Xitoy biznes forumi tashkil etilib, forum doirasida “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining 10 yilligiga bag‘ishlangan tadbirning ochilish marosimi hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha konferensiya o‘tkazildi.
Konferensiyada Chin yurti hamda mamlakatimizning iqtisodiy salohiyati namoyish etildi.
Mazkur nufuzli tadbirda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyati va mas'ullari ham ishtirok etishdi.
Tadbir davomida OKMK boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov hamda “Shangdong Gold Group Co., Ltd” kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Van Liszyun o‘rtasida “O‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumi” imzolandi.
Memorandumda mis, rux va boshqa metallarni chuqur qayta ishlash, mineral resurslarni rivojlantirish, mis, rux, kadmiy, molibden, volfram va boshqa nodir metallarga asoslangan yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqish kabi masalalar o‘rin olgan.
Shuningdek, ushbu hujjatga ko‘ra, o‘zaro hamkorlikda iqtidorli texnik mutaxassislarni tayyorlash masalasi ham belgilangan.
Ushbu kompaniya vakillari joriy yilning 4-sentyabr kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyurib, o‘zaro hamkorlik aloqalarini muhokama etishgan edi.
Jumladan, uchrashuvda mis va boshqa qimmatbaho metallarni chuqur qayta ishlash orqali mahsulotlar olish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Mehmonlar shuningdek, Qalmoqqir va Yoshlik-1 konlarida hamda yangi barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasida bo‘lib, u yerdagi jarayonlar bilan tanishishdi.
Ma'lumot uchun: "Shangdong Gold Group Co., Ltd” kompaniyasi oltin ishlab chiqarish sohasida yetakchi bo‘lib, Xitoyda oltin ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha 2-o‘rinda turadi. Kompaniya to‘liq ishlab chiqarish zanjirini yaratgan. Xususan, qidiruv ishlari, qazib olish, foydali qazilmalarni boyitish, chuqur qayta ishlash va oltin tarkibli mahsulotlarni sotish shular jumlasidandir.
OKMK Axborot xizmati