Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK va Yuta universiteti: hamkorlikning yangi bosqichlari

24 Iyun 2026, 10:50 197

Ma’lumki, Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda AQSHning yetakchi ilmiy-tadqiqot oliygohlaridan biri — Yuta universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi uch tomonlama anglashuv memorandumi imzolangan edi. Mazkur memorandum doirasida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, sanoatdagi dolzarb muammolarga ilmiy yechimlar topish va malakali mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘plab loyihalar tashkil etilmoqda.

Mazkur strategik hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish maqsadida kuni kecha Yuta universiteti vakillari OKMKga tashrif buyurishdi. Mehmonlar korxona ishlab chiqarish zanjirining ilk bosqichi bo‘lgan “Qalmoqqir” konida bo‘lishib, mazkur obyektda joriy etilgan raqamli boshqaruv tizimlari haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. “Yoshlik-I” konini o‘zlashtirish investitsiya loyihasi doirasida barpo etilgan 3-Mis boyitish fabrikasi delegatsiya a’zolarining navbatdagi manzili bo‘ldi.

Rendi Makkrillis, Yuta universiteti uzluksiz ta’lim bo‘yicha vitse-prezident o‘rinbosari:

— Bugun OKMKning bir qator yirik korxonalariga tashrif buyurdik. Ayniqsa, “Qalmoqqir” konidagi portlatish ishlarini bevosita kuzatganimiz unutilmas voqea bo‘ldi. AQSHda bunday jarayonni yaqin masofadan ko‘rish deyarli imkonsiz, shu bois bu biz uchun katta amaliy tajribaga aylandi. Faoliyatim davomida ko‘plab qayta ishlash zavodlarini ko‘rganman, biroq bunday ulkan hajmdagi korxonaga duch kelmagan edim. Majmuaning keng qamrovi, unda joriy etilgan zamonaviy texnologiyalar va eng muhimi, kon resurslaridan kelajak avlodlar ham samarali foydalanishi uchun puxta o‘ylangan yondashuv bizni hayratga soldi.

Bugungi tashrif shuni yana bir bor tasdiqladiki, Yuta universiteti va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati o‘rtasidagi hamkorlik katta istiqbol va yangi imkoniyatlarga ega. Bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat korxonaning ulkan salohiyatini, balki uzoqni ko‘zlab ish yuritishi va qat’iyatini ham yaqqol namoyon etadi.

Yuta universitetining “Materialshunoslik va muhandislik” hamda “Konchilik muhandisligi” kafedralari mudirlari, shuningdek, xalqaro ilmiy hamkorlik masalalari bo‘yicha mas’ul xodimlaridan iborat bo‘lgan delegatsiya kombinatning Muhandislik maktabi faoliyati bilan ham tanishdi.

Pratt Rodjers, Yuta universiteti “Konchilik ishi” kafedrasi mudiri:

— Men bugungi tashrifdan juda katta taassurot oldim. Aytish joizki, har safar yangi kon bilan tanishish menda alohida qiziqish uyg‘otadi, chunki u yerda mashaqqatli mehnat, zamonaviy texnologiyalar va katta salohiyat mujassam. Bundan tashqari, biz 3-mis boyitish fabrikasida bo‘ldik. Mazkur majmua o‘z ko‘lami va texnologik imkoniyatlari bilan bizni hayratda qoldirdi. Fabrikada eng zamonaviy yechimlar va ilg‘or texnologiyalarning amaliyotga joriy etilayotgani nafaqat O‘zbekiston, balki jahon konchilik sanoati rivojida ham muhim ahamiyatga ega, deb o‘ylayman. Konchilik va sanoat tarmoqlarining tayanchiga aylanadigan yosh mutaxassislar tayyorlanayotgan Muhandislik maktabi faoliyatini ham kuzatdik. Bugungi ekskursiya davomida tomonlar o‘rtasida o‘rganadigan va tajriba almashadigan jihatlar juda ko‘p ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldik.

Tashrif davomida hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari sifatida mineralogiya; konchilik; metallurgiya; materialshunoslik; energetika va ekologiya; avtomatlashtirish; sun'iy intellekt; ruda va texnogen chiqindilarni qayta ishlash texnologiyalari hamda muhandislik sohalari tanlab olinib, bu borada qo’shma loyihalarni yo’lga qo’yish masalalari muhokama qilindi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech